G‘aroyib reinkarnatsiya: britaniyalik ayol qadimgi Misrda yashaganini qanday isbotlab berdi?
Doroti Edi birinchi marta Misrga kelganida, o‘zini ilgari bu yerda, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bir necha ming yil oldin yurgandek his qildi.
Baxtsiz hodisa
Doroti Edi 1904 yilda London chekkasidagi shaharchada tug‘ilgan. U uch yoshida zinadan yiqilib tushib vafot etdi – bu holatni uyga chaqirilgan oilaviy shifokor tasdiqladi. Lekin bir soat o‘tgach, shifokor yana chaqirildi - qizaloq tirik va mutlaqo sog‘lom edi, lekin go‘yo almashtirilib qo‘yilgandek, u mutlaqo boshqacha Doroti bo‘lib uyg‘ongandi.
Qizaloq o‘z ona tilida g‘alati talaffuz bilan gapirar, ota-onasidan uni o‘z uyiga olib borishlarini so‘rardi. Uyi qayerdaligi haqida so‘rashganida, u ulkan ustunlar va go‘zal bog‘lari bo‘lgan baland binoni tasvirlab berdi.
To‘rt yoshida oila Dorotini Britaniya muzeyiga olib bordi. Qizaloq Qadimgi Misrga bag‘ishlangan zalga kirib borganida hammani hayratga qoldirib, eksponatlarni quchoqlashga kirishdi. U bular uning xalqi, “o‘z odamlari” ekanligini takrorlab, haykallar oyoqlarini o‘par edi.
Yangi qirollik davri 19 sulola fir’avni Seti birinchining ibodatxonasi fotosuratiga qarab, shu joy uning uyi ekanligini aytdi. U Misr kolleksiyasi xonalaridagi barcha yodgorliklar va artefaktlarni tanidi, lekin nega ma’bud atrofida bog‘lar va daraxtlar yo‘qligini tushunolmadi.
Ko‘p o‘tmay, qizaloq qadimgi Misr iyerogliflarni o‘rganishga kirishdi. Mashhur misrshunos E.Uollis Badj Dorotini o‘z qaramog‘iga olib, unga Qadimgi Misr tarixi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Vaqt o‘tishi bilan qiz tobora qadimgi dinga kirdi va oilasidan uzoqlashdi.
Uzoq kutilgan Misr
1931 yilda Doroti misrlik Eman Abdul Megidaga turmushga chiqdi. Bu nikoh ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgan ayol uchun uzoq kutilgan mamlakatga borish chiptasi edi. Oyog‘i Qohira yeriga tegishi bilan u tiz cho‘kib butun umri davomida o‘zini tortgan yerni o‘pdi. Misrda uning hissiyotlari yanada kuchaydi.
Britaniyalik ayolning ta’kidlashicha, o‘tmishda uning ismi Bentreshit bo‘lib, bu “quvonch arfasi” (arfa – musiqiy asbob) degan ma’noni anglatadi. U 3300 yil oldin askar va sabzavot sotuvchisi oilasida tug‘ilgan. Bentreshit uch yoshga to‘lganida onasi vafot etdi va otasi uni tarbiyalash uchun ibodatxonaga berdi. 12 yoshida oliy ruhoniy endi u muqaddas uyni tark etishi yoki ruhoniy bo‘lishi kerakligini aytdi.
Qiz ketishni istamadi, u erga tegmaslikka ahd qilib, qasam ichdi va ibodatxonada qoldi. Kunlarning birida fir’avn Seti I ziyorat qilish uchun butxonaga keldi, u yosh xizmatkorning go‘zalligiga oshufta bo‘ldi. Bentreshit fir’avnning irodasiga qarshi tura olmadi, u o‘zining yashirin xo‘jayinidan homilador bo‘ldi. Bu haqdagi xabar tez tarqaldi, turmush qurmaslik va’dasini buzganlik uchun qiz ham, Seti ham o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak edi. Sevgilisini ommaviy xo‘rlashlardan himoya qilish uchun Bentreshit o‘z joniga qasd qildi.
Haddan tashqari voqiflik
Doroti Qadimgi Misr mavzusida juda chuqur bilimga ega bo‘lganligi bilan mutaxassislarni hayratda qoldirdi. Misrliklar reinkarnatsiya faktini tan olishdi va britaniyalik ayolga yangi ism – “Setining onasi” degan nom berishdi, chunki Dorotining o‘sha paytda unga fir’avn ismini qo‘ygan o‘g‘li bor edi.
U Misrning Abidos shahridagi Seti I ibodatxonasining qazish joyida ish topishga muvaffaq bo‘ldi. Dorotining hikoyalariga shubha bilan qaragan qadimiy bo‘lim bosh inspektori uni tekshirishga qaror qildi. Ayolga yaqinda Seti birinchining ibodatxonasidan topilgan artefaktlarni butunlay zulmatda ko‘z yumib teginish orqali aniqlash taklif qilindi.
Doroti chizmalar va buyumlarini juda aniq tasvirlab berdi, bu barchani hayratda qoldirdi, negaki o‘sha paytda xonada nima borligini faqat bir nechta odam bilardi, xolos. Bundan tashqari, Dorotining vahiylari tufayli arxeologlar Seti birinchi ibodatxonasiga tutashgan qadimiy bog‘ni ham topishga muvaffaq bo‘lishdi. U aynan britaniyalik ayol 50 yil avval tavsiflab bergan joyda joylashgandi.
O‘nlab yillar davomida Doroti Edining xotiralari tufayli ko‘plab kashfiyotlar qilindi. Undan olingan ma’lumotlardan so‘ng, Otto Shaden boshchiligidagi tadqiqotchilar Tutanxamon maqbarasi yonida joylashgan va 18-sulolaga mansub ayollarning qoldiqlari joylashgan Shohlar vodiysidagi KV63 qabrini topishga muvaffaq bo‘lishdi.
O‘lim hayotning davomidir
Doroti nafaqaga chiqqanida, o‘g‘li Seti u bilan Quvaytga ko‘chib o‘tishni taklif qildi, ammo ayol rad etdi. U Londondagi farovon hayotini kichkina kottej va issiq cho‘l iqlimiga almashtirgan Misrda, “o‘z ibodatxonasi” yonida o‘lishni xohladi.
Doroti Edi 81 yoshida vafot etdi. Xotirjamlik bilan o‘limni kutgan va bu uning sevgilisi bilan uchrashishiga yordam berishiga ishongan ayol Abidosdagi koptlar qabristoniga dafn etildi.
O‘limidan so‘ng o‘n yillar o‘tgan bo‘lsa ham, ba’zi tadqiqotchilar hali ham britaniyalik bu ayol eng so‘nggi adabiyotlarni o‘qigan ajoyib aktyorlik mahoratiga ega oddiy yolg‘onchi ekanligini isbotlashga harakat qilmoqdalar. Boshqalari esa u eng jozibali ayollardan biri bo‘lganini aytishadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.