G‘ayrioddiy qobiliyatlarni keltirib chiqargan genetik mutatsiyalar
#O‘qing_qiziq!
Bir avloddan keyingisiga o‘tadigan genlar naslga qanday ta’sir qilishini oldindan aytish qiyin, chunki DNKdagi o‘zgaruvchanlik kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli farzand boshqacha qiyofaga ega bo‘lishi yoki har xil kasalliklarga moyil bo‘lib qolishi, ba’zi hollarda esa genetik mutatsiyalar tufayli g‘ayrioddiy qobiliyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
Irsiy tadqiqotchi
Genetik olimlarning ta’kidlashicha, “kashfiyotchi gen” yoki “sarguzasht gen” deb nomlangan DRD4 (allel 7R) genining mutatsiyasi bizning sarguzasht va sayohatga bo‘lgan ehtiyojimiz uchun javobgar ekan.
1999 yilda Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari tomonidan o‘tkazilgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, bu genetik mutatsiya ko‘chmanchi va migrantlar orasida uchraydi. Hisobotda 7R asosiy aholi punktlaridan uzoqroq joylarda istiqomat qiladigan qabilalar vakillari orasida ko‘proq aniqlangani aytilgan.
Margimushga chidamlilik
Argentinaning San-Antonio de los-Kobres shahrida yashash oson ish emas. Shahar nafaqat 3650 metr balanlikda, balki asosan vulqon jinslaridan hosil bo‘lgan tuproqda joylashgan.
Atrof muhit Mars sayyorasi muhitiga o‘xshaydi, havosi va suvi tarkibida esa margimush bor. Biroq u yerdagi mahalliy aholi zaharlanmasdan yashaydi, chunki 7000 yildan ortiq bu hududda yashagan va tarkibida mishyak ko‘p bo‘lgan suvdan doimiy foydalanish genetik o‘zgarishlarga olib kelgan va ularning tanasida margimushga chidamlilik qobiliyati rivojlangan.
Yurak-qon tomir kasalliklaridan genetik himoya
Sabzavot va mevalar yetishtirishning iloji yo‘qligi sababli asosan yog‘li dengiz hayvonlari bilan oziqlanadigan Grenlandiyadagi inuitlar parhezi deyarli butunlay oqsil va yog‘dan iborat. Shu bilan birga shimoliy aholi ko‘p miqdordagi yog‘li taom iste’mol qilishga moyil odamlar orasida keng tarqalgan yurak xastaliklariga qarshi immunitetga ega.
Intuitlar yuragi turg‘unligining haqiqiy sababini bilish maqsadida Berkli universiteti tadqiqotchilari Grenlandiyada 191 inuit, materikda 60 yevropalik va 44 xitoylik o‘rtasidagi genetik tafovutlarni tahlil qilishdi.
Deyarli barcha inuitlar tanasidagi omega yog‘lar miqdori pastligi (yevropaliklarda 2 foiz, xitoyliklarda 15 foiz) ularning genetik mutatsiyaga egaligi va yurak-qon tomir kasalliklaridan genetik tarzda himoyalangani dalolatini beradi.
Kislorodning past darajasida omon qolish qobiliyati
2017 yilda Texas universiteti genetiklari tibetliklarda Himolay tog‘ining 4500 metr balandligida, qurg‘oqchil tog‘ sharoitida yashash va ishlash imkonini beradigan maxsus genlarni topishdi.
Olimlar evolyusiya jarayonida bu mintaqa aholisi kamdan-kam uchraydigan genetik qobiliyatga ega bo‘lganini aniqladi. Genlarning o‘ziga xos turlanishi tufayli tibetliklar kislorod miqdori nihoyatda past va oziq-ovqat miqdori cheklangan muhitda omon qolib kelishmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.