Gaz ballonni 100 ming so‘mdan pullayotgan shaxs aniqlandi
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialiga Past Darg‘om tumani Jovulqosim mahallasida yashovchi fuqaro Shukrulla Karimov tomonidan “Mahallaga gaz ballonlar o‘z vaqtida kelmaydi. Ammo izlashtirilsa, gaz idoralari xodimlari tomonidan istalgan vaqtda 120 ming so‘mdan sotiladi”, deya telefon orqali qilingan murojaat filial xodimlari tomonidan o‘rganildi.
O‘rganishlar jarayonida Jovulqosim mahallasini kesib o‘tadigan “Samarqand-Juma” avtomobil yo‘li yoqasida, Eski Juma mahallasida yashovchi, gaz idorasiga umuman aloqasi yo‘q fuqaro S.T. 5 dona maishiy gaz ballonlari ortilgan 30 Z 136 PA raqamli shaxsiy “MATIZ” avtomashinasida 1 dona stiker yopishtirilgan gaz ballonni Jovulqosim mahallasida yashovchi J.ga 100 ming so‘mdan sotayotganligi aniqlandi.
Fuqaro o‘zining tushuntirish xatida gaz to‘ldirilgan 5 ta ballonlarni joriy yilning 22 oktyabr sanasida Eski Juma mahallasi aholisiga gaz tarqatilayotgan payt qo‘shnilariga bittadan tarqatib, go‘yoki, har bir xonadonda ikkitadan oila yashashini aytib, to‘ldirib olganligini bildirgan. Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganish uchun xuquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali iste’molchilardan suyultirilgan va tabiiy gaz ta’minotiga doir murojaatlar yoki jamiyat xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi xabarlarni filialning 104 xizmati yoki Call-markaziga (66) 239-78-02 raqamlari orqali) qo‘ng‘iroq qilib yetkazishlarini so‘raymiz.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.