Gaz portlashi oqibatida uy egasi va uning o‘g‘li vafot etdi

21 noyabr soat 19:16 larda Toshkent viloyati Qibray tumani, Guliston-3 ko‘chasi, 15-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi FVV matbuot xizmati.

Chaqnash oqibatida uyning bir qismi qulab tushdi, qolgan qismining devorlari va shifti hosil bo‘lgan kinetik zarba natijasida deformatsiyaga uchragan.

FVV tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari vaqtida, soat 19:45 da vayronalar ostidan uy egasi X.N. og‘ir ahvolda olib chiqilib, Toshkent shahar 7-klinik kasalxonasiga yotqazildi. Olib borilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor soat 20:45 da vafot etgan.

Shuningdek, olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida soat 23:06 da uy egasining o‘g‘li A.A.ning jasadi topildi.

Gaz-havo aralashmasining chaqnashi xonadon yonidan o‘tgan yer osti gaz quvuridan tabiiy gaz sizib chiqib, xonadonning yerto‘la qismiga to‘planishi taxmin qilinmoqda.

Voqea joyiga viloyat hokimligi, FVB, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb etilib, tiklash va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.