Gaz quyish shoxobchasida ikkita avtomobil butunlay yonib ketdi

Bugun, 12 avgust kuni soat 12:40 da Andijon viloyati Ulug‘nor tumani Sariqsuv MFY hududida joylashgan “Viktoriya gaz servis” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasining 6-kolonkasida yong‘in chiqqan. Bu haqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Gaz to‘ldirayotgan 2 ta avtomobil olov ichida qolib, butunlay yonib ketgan.

Yong‘in oqibatida shoxobchada gaz to‘ldirayotgan fuqaro X.X.ga tegishli “Damas” rusumli avtomobilida yong‘in sodir bo‘lgan. Alanga uning orqasida, navbatda turgan fuqaro J.G‘.ga tegishli “Damas” rusumli avtomobiliga o‘tib ketishi sabab ikkala mashina to‘liq yonib zararlangan.

Yong‘inni bartaraf etishga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar voqea joyiga yetib borgach soat 13:00 da olov to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘inni keng maydonga tarqalib ketishining oldi olingan.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.