Gretsiya Mudofaa vaziri mamlakat Turkiya bilan harbiy to‘qnashuvga tayyor ekanligini ma’lum qildi
Gretsiya Mudofaa vaziri Nikos Panayotopulos rasmiy Afina o‘z suveren huquqlarini himoya qilish uchun har qanday chora qo‘llashga, jumladan, Anqara bilan harbiy to‘qnashuvga ham tayyor ekanligini ma’lum qildi.
“Turkiyaning so‘nggi vaqtlardagi o‘zini tutishi yetarli darajada agressiv. Fikrimcha, bunday agressiv harakatlarga javob berish uchun Gretsiyada yagona yo‘l bor: bir tomondan, barcha diplomatik qurollardan foydalanish, ikkinchi tomondan, himoyani ushlab turuvchi qurolli kuchlar quvvatini oshirish”, dedi u Star telekanaliga bergan intervyusida.
Gretsiya muammoni harbiy to‘qnashuv orqali hal qilishga tayyormi, degan savolga Panayotopulos “Aynan shunday!”, deya javob qaytardi.
Bir necha kun ilgari Turkiyaning hukumat nashrlaridan birida Gretsiya orollari yaqinida joylashgan qazilma konlarini aniqlash va qazib olishga litsenziya taqdim etilishi to‘g‘risida murojatnoma chop etilgan edi.
Dushanba kuni Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias Turkiya o‘zga mamlakatning suveren huquqlarini o‘zlashtirib olishga harakat qilayotganini ta’kidladi.
Gretsiya Turkiya tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan ehtimoliy eskalatsiya, grek-turk inqiroziga emas, balki yevropa-turk inqiroziga olib kelishini ta’kidladi.