GTL zavodini qurayotgan ishchilar ommaviy tartibsizlik keltirib chiqardi

Bugun, 21 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Enter Engineering" kompaniyasining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi ob’yektlaridan birida ishchi-xodimlar tomonidan norozilik uyushtirilib kompaniya mulkiga zarar yetkazilgani aks etgan video tarqaldi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, hodisa 21 oktyabr kuni ertalab soat 7:30 da ishchilar uchun mo‘ljallangan oshxonadagi monoblok tizimidagi (elektron kirish tizimi) texnik nosozlik sodir bo‘lgan, oqibatda ular kundalik ovqatlanishga kira olmagan. Bu esa katta norozilik keltirib chiqargan.

Ishchilarning noroziligi bosh pudratchilar (Enter Engineering, Hyundai Engineering), shu jumladan, buyurtmachi (Uzbekistan GTL) ofis binolarining deraza oynalari, ofis jihozlarini sindirish, shuningdek, boshqa vaqtinchalik bino va inshootlar (oshxona, omborlar, nazorat punktlari va boshqalar) buzilishiga olib keldi.

Ertalab soat 9:00 dan boshlab qurilish maydonida vaziyat barqarorlashdi va ommaviy ish tashlash to‘xtatildi. Hozirda “Uzbekistan GTL” mutaxassislari qurilish maydonchasidagi zararni tekshirmoqda. Maxsus texnik guruh tomonidan tizimdagi nosozliklar bartaraf etilmoqda.

Ayni paytda, texnik xodimlar ishchi guruhi monoblok tizimidagi nosozlikni tuzatmoqda. Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Enter Engineering Pte. Ltd” rahbariyati tafsilotlarini bilish va kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun voqea joyiga uchib ketdi.