Hadis ilmi maktabiga zamonaviy avtobus topshirildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan tanishib, mazkur muassasalar faoliyatini takomillashtirish, bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlar va talabalar uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni bildirgan edi.
Xususan, Hadis ilmi maktabi talabalarining respublikamizdagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarga sayohatlarini amalga oshirishlari uchun zamonaviy avtobus ajratish lozimligini ta’kidlagan edi.
Bugun davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi amalga oshirilib, maktabga zamonaviy avtobus topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va boshqalar yurtimizda diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirish, muqaddas dinimizning sofligini asrash, uning asl insonparvarlik tamoyillarini ochib berish va keng targ‘ib etish, bu borada malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani va tizimli islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi.
– Islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, ilmiy-ma’naviy asoslarini, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganish, dinlar tarixi va nazariyasini mukammal egallagan, islom dini asoslari va arab tilini, xususan, hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash Hadis ilmi maktabining asosiy vazifasi hisoblanadi, – deydi Hadis ilmi maktabi rektori Olimjon Yusupov. – Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yonida Hadis ilmi maktabiga har tomonlama qulay sharoitga ega zamonaviy bino qurib berildi. Prezidentimiz shu yilning 11 yanvar kuni yangi maktab bilan tanishib, bu yerda talabalarga Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqa buyuk allomalarimizning asarlarini o‘rgatish, ularning kitoblarini o‘qib bo‘lgandan so‘ng, albatta, bu ulug‘ ajdodlarimiz tug‘ilib o‘sgan joylar, mangu orom topgan maskanlarini ziyorat qilish zarurligini qayd etib, buning uchun maktabga zamonaviy avtobus ajratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Ana shu tashabbus asosida bugun maktabga berilgan tuhfa barchamizni behad quvontirdi.
Tadbir ishtirokchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.