Hajviya: Tufli

- Ey, muborak bo‘lsin! – Nazir xonaga kirib kelgan hamkasbi Olimtoyning oyog‘idagi yap-yangi tuflisiga ishora qildi.
- Rahmat do‘stim, kecha xarid qildim. Pishiqqina va chiroyli ekan... importniy.
- Narxi ham chiroyli bo‘lsa kerak, - kuldi Nazir.
- Ha, o‘ziga yarasha, hozir arzon narsa qoptimi, zo‘rg‘a besh yuz ming so‘mga tushirib oldim, - dedi Olimtoy maqtanib. – Lekin xotinim “qachon savdolashishini o‘rganasiz”, deb rosa javradi. Ma, o‘zinga biror narsa olarsan, deya ikki yuz ming berib zo‘rg‘a unini o‘chirdim.
Qog‘ozdan bosh ko‘tarmay ishlayotgan Qamar ularning gapini eshitib, ruchkani taq etib stolga tashladi. Olimtoyning oyog‘iga ko‘z yugurtirdi.
- Da, diding chakki emas, chindan ham chiroyli ekan. Buni “yuvish” kerak, oyog‘ayni, - u quvlik bilan Nazirga ko‘z qisib qo‘ydi.
- Albatta! - dedi Nazir uni quvvatlab. - Men yaqinda ochilgan bir restoranni bilaman, taomlari juda zo‘r. Ichimliklari importniy, maza qilasan.
- Qimmat bo‘lsa kerak, - dedi Olimtoy bo‘shashib. U hamkasblari qurumsoq deb ustidan kulishlarini istamasdi.
- Nima, qimmat bo‘lganda, ot bilan tuya bo‘larmidi, - Qamar bo‘sh kelmadi.
Restoran chindan ham shinam ekan. Yigitlar rosa yayrashdi. Ikki-uch qadahdan keyin qulfi dili ochilib ketgan Olimtoyning tantiligi tutib, konyak va pivo buyurdi.
- Bekor qildingda, shundoq ham kayf qilib o‘tiribmiz, - dedi Nazir suzilib. - Aroqqa aralashsa, rasvo bo‘ladi.
- Iye, nima biz nozik oyimchalarmidik, o‘zimizni yo‘qotib qo‘yadigan, - dedi Qamar g‘udranib. – Olimtoy, kel do‘stim, bir peshonangdan o‘pib qo‘yay, zo‘r yigitsanda...
Allamahalda mastlikdan dong qotgan Olimtoyni ulfatlari mashinadan zo‘rg‘a sudrab tushirib, uyga tashlab ketishdi.
- Voy o‘lmasam, bu qanday sharmadagarchilik? - Xayriya erining yoqavayron bo‘lgan kostyumini yechib, bir amallab o‘rniga yotqizdi.
Olimtoy hech qachon bolalari oldida bunday izza bo‘lmagandi. Ertalab ularning ko‘ziga qarashga uyalib, nonushta ham qilmasdan ishga otlandi. Boshi zirqirab og‘riqdan tars yorilay derdi. Gandiraklab tuflisini kiyay desa, bir poyi yo‘q, qidirib topa olmadi.
- Xotin, tuflining bir poyini ko‘rmadingmi?
- Siz bilasiz, men qayerdan bilay? Balki aroqqa qo‘shib uni ham ichib yubgandirsiz? - piching qildi choy damlayotgan Xayriya. - Aroqni chiqarganni uyi kuysin-a!
Olimtoy eski tuflisini keyib ishga jo‘nadi: “esiz, tufli!”. U yo‘l-yo‘lakay restoranga kirdi.
- Iye, assalomu alaykum aka, keling, kecha yaxshi o‘tirdingizlarmi? - xizmatkor yigit mulozamat bilan qarshi oldi. - Bosh og‘riyaptimi aka? Hozir, yuzta “tashlab yuborsangiz” kalla joyiga keladi.
- Yuq, ichmayman, - dedi Olimtoy qizarib. - Kecha mabodo tuflimning bir poyini tushirib qoldirmabmanmi?
- Ey, ha, hozir, - xizmatkor ichkaridan bir poy tuflini olib chiqdi. - Kecha sal kayfingiz oshgan ekan, sheriklaringiz sudrab mashinaga o‘tqazishayotganda tushib qolibdi, shumi?
- Ha, rahmat, - Olimtoy tuflini qo‘yniga tiqdi. Ishdan sal chiroyi ochilib qaytdi.
- Xotin, moling halol bo‘lsa, yo‘qolmas ekan. Mana, tuflining poyi, kecha restoran oldida tushib qolibdi!
- Voy, dadasi, jahl qilmay, men o‘lay, - dedi Xayriya chapak chalib. - Endi bir poy tufli nima kerak deb, tandirda yoqib yuboribman.
- Nima? - Olimtoy bo‘shashib qo‘lidagi bir poy tufliga baqrayib qarab qoldi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.