Hamjihat xalqni yovuz dushman ham, ko‘rinmas yov ham yenga olmaydi
Jahonda koronavirus deb atalmish ofat dunyoning rivojlangan mamlakatlarini tobora zabt etib, uning iqtisodiy, ijtimoiy hayotiga yetarlicha putur yetkazmoqda. Hozirda ularda qurbonlar soni kundan-kun oshib, insoniyatni jamiyatga nisbatan boshqa nazar bilan qarashga chorlamoqda. Axborot vositalari tinmay shular haqida bong urmoqda. Raqamlarni ko‘rib qo‘rqib ketasan kishi. 2020 yil 1 aprel holatiga ko‘ra Belgiyada 700 dan ortiq, Ispaniyada 8464 ta, Italiya mamlakatida 12400 dan ortiq, Fransiyada 3523 ta va boshqalar. Bular hali bir kunlik natijalar, xolos. Umumiy natijalar (42364 ta o‘lim)ni esa ko‘rib yoqa ushlaysan kishi.
Allohga shukur, yurtimizda bunday holat kuzatilmayapti. Virus bilan kasallanganlar soni ham juda tez oshib ketgani yo‘q. Ko‘pchilik bularga sabab hukumatimizning, shifokorlarimizning jon kuydirib harakat qilishi demoqda. To‘g‘ri, shifokorlar o‘z kasbiga va Gippokrat qasamiga sodiq qolib xalqimiz sog‘lig‘i uchun tun-u kun sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Lekin shifokor va hukumat o‘sha rivojlangan davlatlarda ham ko‘p. Ular ham mavjud imkoniyatlari, o‘z tajribalari va izlanishlariga tayangan holda sidqidildan harakat qilishmoqda. Ushbu mamlakatlarning salohiyati - texnika, ta’lim, ilmiy-tadqiqot olib borish, iqtisod, axborotlashtirish shunga o‘xshash boshqa sohalarda har tomonlama biznikidan ilg‘or. Shunday bir davrda biz faqat hukumat va shifokorlarni olqishlayapmiz. Bunga qarshi emasman. Lekin gap faqat ularda emas. Mamlakatimizning hozirgi yaxshi holatiga xalqimizning birdamligi, ularning dunyoda bo‘layotgan ishlardan xabardor bo‘lib, qilishayotgan barcha sa’y-harakati sabab, deb o‘ylayman.
Xalqimiz azaldan juda matonatli xalq. Tarixga nazarga solib qarasak, xalqimizning matonatini ifodalashga bir nechta aniq misollarni keltirishimiz mumkin. Masalan, Katta Farg‘ona kanalining qurilishi 45 kunda yakunlandi. Hozirda bunday kanalni yirik-yirik texnikalar bilan bunchalik tez qurib bitirish o‘ta qiyin masala. Ikkinchi jahon urushida xalqimiz ko‘rsatgan fidokorliklar. Jang maydonlari yurtdan uzoqda bo‘lishiga qaramasdan yurtimizning barcha joylaridan o‘g‘lonlarimiz urush barcha xalqlarning boshiga kelgan kulfat ekanligini anglagan holda ko‘ngilli bo‘lib, jang maydonlariga otlanishgan. Front ortida onalarimiz, bobolarimiz ularni qo‘llab-quvvatlab duo qilish bilan birga javlon urib ishlagan. Qanchadan qancha yo‘qotishlar bo‘ldi, ammo xalqimiz matonat bilan urush balosini yengib o‘tdi.
Mustaqillikka erishishimiz ham oson bo‘lmadi. Dastlabki yillar juda og‘ir o‘tdi. Keksa bobomdan ko‘p eshitganman. Hech nimasiz mustaqillik. Yurishni endi o‘rganayotgan boladek yiqilib tushaman deb turgan yangi mustaqil respublika. Suyadi, tetapoya qildi. Yurt otasi bosh bo‘ldi, xalq unga yondosh bo‘ldi. Barcha qiyinchiliklar ortda qoldi.
Bugungi pandemiya jarayonida xalqimiz yana birdam, ahil bo‘lib, bu baloni yengmoqda. To‘g‘ri, besh barmoq barobar emas: ba’zida noinsof odamlarning nafs yo‘lidagi qing‘irliklari haqida eshityapmiz. Ammo bular tom ma’nodagi o‘zbek xalqi matonatiga soya sola olmaydi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 18 mart kuni koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqqa murojaat qilgan ma’ruzasida “Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi”, deb ta’kidladilar.
Ha, biz og‘ir kunlarni birdamlik bilan yenggan xalqmiz. Biz ham ota-bobolarimiz yo‘lidan boraylik. Mana shunday vaziyatda ham o‘zimizni ko‘rsataylik. Zero, hamjihat xalqni yovuz dushman ham, ko‘rinmas yov ham yenga olmaydi.
Quddus XOLBOYeV,
Samarqand shahri, Sartepa maskani.