Hamshiralarni ishga olishda shaffoflikni ta’minlamagan bosh vrach vazifasidan ozod etiladi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda ushbu fikrni qat’iy ta’kidladi. Tizimda hamon ta’magirlik, ayniqsa, korrupsiya holati mavjudligini qayd etdi.

- Tibbiyot xodimlarini ishga olishda oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash shart, - dedi viloyat hokimi. - Bugun ayniqsa, o‘rta tibbiyot xodimlarining ishga joylashishidagi muammolar sayyor qabullar davomida ham ko‘p bildirilmoqda. Aholi aniq faktlar bilan aytyapti - necha yillardan buyon ishga joylashishga navbati kelmayotganlar qolib, keyin murojaat qilganlar turli qing‘ir yo‘llar bilan, ayrim “katta”larning iltimosi yoki do‘q bilan ishga o‘tib ketmoqda. Bu gaplarda jon bor. Bundan keyin xodimlarni ishga olishdagi navbat tizimi oshkora bo‘lishi shart.

Uchrashuvda qayd etilishicha, bugungi kunda Samarqand viloyatida 500 dan ziyod hamshira 0,25 stavkada ishlaydi. 0,5 stavkada ishlayotgan hamshiralar esa 4,5 mingga yaqin. Eng ko‘p yarim stavkada ishlovchilar tug‘ruqxonalarda ekan.