Harbiy xizmatni o‘tayotgan yigit o‘qishdan nega chetlashtirildi?

Oliy ma’lumot olishdan maqsad nima, degan savolga ko‘pchilik o‘ylanmasdan javob qaytarishi mumkin. Ammo yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun shuning o‘zi kifoyami? Ishtiyoq, intilish, qiziqish bo‘lmasa, maqsad noaniq bo‘lsa, diplom sizga hayot yo‘llaringizda yordam bera oladimi?

Shunday davr keldiki, hujjatingiz bo‘lsa-yu, qo‘lingizdan hech ish kelmasa, oliy ta’lim muassasida o‘tgan 4 yil umringizni havoga sovuribsiz. Shundoq ham oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish bugungi kun nuqtai nazaridan qaraganda, oson emas.

Talabaning asosiy vazifasi o‘qish, ilm olishdan iborat bo‘lsa, u nega dars qoldiradi?

Aytaylik, 2 kurs talabasi o‘quv yilining ikkinchi oyida harbiy xizmatni o‘tashga jo‘nab ketdi. Albatta, har bir O‘zbekiston fuqarosi Vatan oldidagi burchini bajarishi lozim. Amaldagi qonunlarga binoan sog‘lom, layoqatli yigitlar 18 yoshdan 27 yoshgacha muddatli harbiy xizmatni o‘tashi kerak. Bundan bo‘yin tovlaganlar tegishli tartibda ma’muriy, ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ammo, tanganing ikkinchi tarafi ham borligini unutmaylik. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti prorektori, dotsent B.Narziyevning ta’kidlashicha, amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasi talabalari ta’til paytlaridagina bu imkoniyatdan foydalanib, burchlarini bajarishlari kerak. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, talaba 38 soat asossiz dars qoldirsa, hayfsan olishi, 76 soat dars qoldiradigan bo‘lsa, talabalikdan chetlashtirilishi belgilangan.

Dotsent E.Shaptakovning ma’lumot berishicha, talaba bu haqda dekanatga ma’lum qilib, ariza keltirganida, uning arizasiga institutning 2-bo‘limi va institut yuristining xulosasiga ko‘ra, ma’muriyatning umumiy xulosasi asosida javob qilinadi, deb aytilgan va ariza ma’muriyatga chiqarilgan. So‘ng rasmiyatchiliksiz, ustoz va shogird ochiqchasiga gaplashib olgan. Shaptakov talabasiga, buning natijasida ko‘p dars soatlarini qoldirishi, fanlarni o‘zlashtirolmay qolishi mumkinligi, kelajakda bu narsa uning faoliyatiga ta’sir qilishini ta’kidlagan. Bunday vaziyatda akademik ta’til olishi zarurligi ham tavsiya etilgan.

Gap-so‘zlardan so‘ng, talaba darslarga kelmay qo‘ygan. Dekanat tomonidan uning ota-onasiga xat jo‘natilgan.

Chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i polkovnik T.Narziyev talabaning arizasiga “1 oylik harbiy xizmatni ta’til paytida o‘tashi kerak”, deb xulosa bergan.

Mudofa ishlari bo‘limi tomonidan yuborilgan ma’lumotnomada “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga asosan ish (o‘qish) joyi va ish haqi (stipendiyasi) saqlanadi, deyilgan.

Ammo xavfsizlik va Mudofa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi (Qonunchilik Palatasi tomonidan 2019 yil 17 avgustda qabul qilingan va Senat tomonidan ma’qullangan) O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasi 5-qism bilan to‘ldirilgan.

 Uni aynan keltiramiz: “Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’limning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkin. Bunda talabalar bir oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga iyul-avgustda jalb etiladi.”

Talabaning yaqin qarindoshlaridan biri R.Botirovning (Ismlar o‘zgartirilgan) gap-so‘zlariga ko‘ra, talaba oiladagi 2-o‘g‘il, otasi yoshligida vafot etib ketgan. O‘zining tirishqoqligi uchun 25 yoshida davlat granti asosida institutga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Harbiy xizmat uchun to‘langan o‘sha 4 300 000 so‘mni yig‘ish uchun ham o‘zi mehnat qilgan. Shu oyda u 27 yoshga to‘ladi, xizmatga bormasa, harbiy guvohnoma olish imkoniyatini qo‘ldan chiqaradi.

Demak, talabada harbiy xizmatni o‘tash uchun avvalroq imkoniyat, xohish bo‘lmagan yoki biz bilmagan yana boshqa sabablar bor.

Nima deb o‘ylaysiz? Harbiyda xizmat qilish, yigitlik burchini bajarish vatanparvarlikning oddiygina ko‘rinishi, xolosmi?

Lekin shunisi ayonki, harbiy xizmatni o‘tashga hech kim to‘sqinlik qilmaydi. Bu burch. Ammo oliy ta’lim muassasasining ham o‘z tartib-qoidalari, belgilangan me’yorlari borligini e’tiborga olishimiz lozim. Bu burchni bajarishingiz belgilangan me’yorlarning buzilishiga olib kelmasligi kerak.

Gulchehra BERDIYoROVA.