Haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi

Buxoroda “Nexia” haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida ikki nafar yo‘lovchining umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

2020 yilning 10 fevral kuni taxminan soat 07:30 larda 24 yoshli A.R. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli avtomashinasida “Xorazm-Buxoro” A-380 avtomobil yo‘li bo‘ylab Romitan tumani hududida harakatlanib ketayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning chekkasiga chiqib ketgan va bir necha marta aylanib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida yo‘lovchilar 49 yoshli U.M. va 42 yoshli D.A.lar hodisa joyida vafot etgan. Haydovchi va 36 yoshli uchinchi yo‘lovchi X.Yu. esa shifoxonaga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.