Hayotiy hikoya: Bemehr o‘g‘il yoxud dunyo javobsiz emas...

Bugun va’damni buzdim. Asabiylashmayman, hech kimga qattiq gapirmayman, muloyim bo‘laman "yaxshi qizlarday", deb o‘z-o‘zimga qattiq va’da bergandim, hech bo‘lmaganda bir oyga. O‘zimga kuchim yetadi, deb o‘ylovdim... Bo‘lmadi. Sabrim bir necha kunga yetdi, xolos...

Shifo maskani, ikki kishilik joy. Farishtali, katta hayotiy tajribaga ega, nuroniy onaxonga hamxona bo‘ldim. Gaplarini, hayot va tashvishlar, farzandlar tarbiyasi va hokazolar haqidagi gap-so‘zlarini eshitsangiz, maza qilasiz!

Shahar atrofidagi qishloqda yasharkan. Umr bo‘yi shahardagi nufuzli korxonada oddiy ishchi bo‘lgan, farzandlari va cholini juda yaxshi ko‘radi. Rostdan, momoning "choli"ga qoyil qolish kerak. 5 kunlik tayyorgarlikdan so‘ng, momoni jarrohlik amaliyotiga olishdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan.

Operatsiyadan so‘ng u kishi taxminan 4-5 soatlar narkoz ta’sirida xush-behush bo‘lib uxladi. Bobo esa 5 soatlar momoni boshida o‘tirdi, qimirlamay... Ovqat yemadi, choy ichmadi, tashqariga chiqmadi...

Klinika xususiy, xizmatlari arzon emas, qolaversa, momoni ancha katta pulga operatsiya qilishdi, ba’zilar shu pulga hozir to‘y o‘tkazishadi - bobo esa hursand - "Ko‘hna kampirimni do‘xtirlar yangi qilib berishyapti”, deydi hazillashib. Chol-kampirlardagi sabr-toqat, hayotga ishonch, ko‘tarinki kayfiyatga tasanno!

Bu xislatlar hozir o‘ta noyob. Odamlarda toqat yo‘q ...Lekin bular boshqacha odamlar ekan. Shaharda shunaqa sodda, samimiy, mehnatsevar odamlar borligiga ishonish qiyin. Lekin qolgan ekan!

Momoning tilidan doim bitta o‘g‘lining nomi tushmaydi, boshqa farzandlaridan ko‘proq o‘sha o‘g‘liga mehri bo‘lakcha ekan. Uylaridan ikki uy narida yasharkan.

Tiq etsa, eshikka termuladi, hali o‘rnidan turishga ruxsat berishmagan. Momoning ko‘ngil so‘rovchilari ko‘p ekan, hatto qo‘shnilari hol-ahvol so‘rab ketishyapti. Yotganiga 6 kundan o‘tdi, operatsiyani o‘tkazdi, ammo bemehr farzandddan esa darak yo‘q, qorasiyam ko‘rinmaydi...

Endi men ham ilhaq bo‘lib, kuta boshladim. Ikki kundan beri ko‘zlarim to‘rt bo‘lib ketdi! Hatto o‘zimnikilarni ham buncha kutmayapman. Hatto telefon qilib qo‘ymaganiga esa hech aqlim yetmayapti. Sabrim chidamadi...

Bobodan o‘sha bemehr o‘g‘lining telefon nomerini o‘zlariga bildirmay oldim-da, klinika hovlisiga chiqib, telefon qildim.

Buyog‘i qiziq bo‘ldi.

Hovlida kim bilandir qattiq-qattiq gaplashayotganimni doktor derazadan ko‘rib qolib, yonimga keldi.

- Nima muammo, sizga bunaqa asabiylashish kerak emas. Ertaga Siz uchun muhim kun. Nima yordam kerak? - deb qolsa, deng...

Unga haqiqatni aytmadim, albatta.

Nima deb o‘ylagan bo‘lsa? Ammo yaqinlarim bu uchun menga tanbeh berishdi – yetti yot begona ekan, ishim bo‘lmasligi kerak ekan...

Ammo, men "quloqsizroqman-da tabiatan", nima qilay? Baribir, o‘shani kutyapman, kelib onasining ko‘nglini olishini istayapman chin dildan!

Hammamizga o‘zi insof bersin! aytar dunyo! Keksa ota-onamizga ko‘rsatgan karomatimiz, albatta o‘zimizga qaytadi!

Nima dedingiz?

Gulchehra Berdiyorova.