Hayvonlar yomg‘iri haqida eshitganmisiz?
Sirli, g‘alati hodisalar har qanday joyda, hatto yomg‘ir paytida ham sodir bo‘lishi mumkin. Turli ma’lumotlarda sakkizoyoq va mollyuska kabi dengiz jonzotlari, ba’zan qurbaqa, hatto o‘rgimchak yomg‘iri “yoqqan”ligi to‘g‘risida yozuvlar mavjud. G‘alati yomg‘irlar baliq yoki o‘rgimchaklar, hatto sigirlar (!) bilan birga yerga quyilib odamlarni hayratlantirgan.
Shri-Lankadagi g‘alati “baliq yomg‘iri”
Shri-Lanka g‘arbida joylashgan Chilav qishlog‘i aholisi uy tomlariga urilayotgan baland tovushlarni eshitib, avvaliga do‘l yog‘yapti, deb o‘yladi, lekin osmondan yomg‘ir kabi katta miqdorda baliq tushganini ko‘rib, hayron qolishdi.
Barcha tezda bu osmondan tushayotgan (ba’zilari hatto tirik edi) baliqlarni yig‘ib olishga kirishishdi.
Olimlarning fikricha, “baliq yomg‘iri” hodisasi nisbatan sayoz suv yuzasida tornado paydo bo‘lib, suvdagi hamma narsani, jumladan baliq, ilon baliq va hatto qurbaqalarni ham so‘rib chiqarishi natijasida sodir bo‘ladi.
O‘rgimchaklar yomg‘iri
2007 yilning iyun oyida Argentinaning Salta qishlog‘ida osmonda o‘rgimchaklar yomg‘iri paydo bo‘ldi. Guvohlar nima uchun San-Bernardo tog‘lari tomonidan bunchalik ko‘p o‘rgimchak uchib kelgani sababini tushuna olmadi. Bunday g‘ayritabiiy hodisaning asosiy sababi esa bu bo‘g‘imoyoqlilar sonining ko‘payishi bo‘lib, ular haddan tashqari ko‘p to‘r to‘qigan, bu esa o‘rgimchaklarni odatdagi yashash joyidan uzoqlashtirish uchun yetarli bo‘ldi.
Qurt yomg‘iri
Jennings politsiya departamenti (Luiziana, AQSh) xodimi Eleonor Bille misli ko‘rilmagan qurtlar yomg‘irini ko‘rib seskanib ketdi. Yo‘l bo‘ylab qurtlar sudralib yurardi. Qurtlar uning boshi va qo‘llariga ham tushdi. Hozirgi kungacha ushbu qurtlar yomg‘irining sababi aniqlanmagan.
Qurbaqa yomg‘iri
Qurbaqa yomg‘iri to‘g‘risidagi ma’lumot 1987 yil 24 oktyabrda Britaniyaning ikki taniqli “Daily Mirror” i “Daily Star” gazetalarida o‘rta yoshli ayol mahalliy hokimiyatga osmondan ko‘plab qurbaqalar tushayotgan yomg‘irning guvohi bo‘lganligi haqidagi maqolani e’lon qilganidan keyin ma’lum bo‘ldi. Hududdagi boshqa odamlar ham o‘sha g‘alati yomg‘ir paytida o‘tkinchilar soyabonlariga minglab pushti rang qurbaqa tushganini ko‘rganligini aytishgan.
Sigir yomg‘iri
1986 yilda Sibirdan unchalik uzoq bo‘lmagan Oxot dengizida “sigir yog‘ishi” tufayli yaponiyalik baliqchi qayig‘i cho‘kib ketdi. Osmondan taxminan 23 bosh sigir "yog‘di", bittasi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri baliqchilar qayig‘iga tushdi.
Zudlik bilan yordam chaqirilib, baliqchilar qutqarildi. Yomg‘irga esa Rossiya samolyotida olib ketilayotgan sigirlar qo‘rquvdan kabina bo‘ylab yugurib, “qo‘zg‘olon” qila boshlagani sabab bo‘ldi. Sigirlar "aqldan ozgan"iga amin bo‘lgan ekipajning yuk bo‘limi eshiklarini ochib, ularni samolyotdan chiqarib yuborishdan boshqa iloji qolmagan ekan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.