Hindistonning 132 qishlog‘ida uch oyda bitta ham qiz tug‘ilmagach, hukumat jinoiy ish ochdi
Hindiston shimolidagi Uttarahand shtatining 132 qishlog‘ida uch oy ichida bitta ham qiz tug‘ilmagan. Endi hukumat bu qishloqlarda "jins tanlash" abortlari keng yoyilganidan shubha qilib, jinoiy ish ochdi. Bu haqda Minbar xabar bermoqda.
O‘tgan hafta chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra Uttarahand shtatining Uttarkashi tumanidagi 500 qishloqda 947 bola tug‘ilgan. Shularning ichidagi 132 qishloqda uch oy ichida tug‘ilgan 200 go‘dakning hammasi o‘g‘il bola. Lekin ayni ma’lumotlarga ko‘ra bu tumanda qizlar (479) o‘g‘il bolalarga qaraganda (468) ko‘proq tug‘ilgan.
Rasmiylar bu qishloqlarda ota-onalar skrining orqali homila jinsini bilishi bilanoq qiz homilalarni darhol abort qilishadi degan gumonda.
"Uch oyda shuncha qishloqda bitta ham qiz tug‘ilmasligi imkonsizdir. Demak, bu yerda noqonuniy abort qilish avjiga chiqqan", – deb hisoblaydi ayol huquqlarining faoli Nivedita Menon.
Qiz homilalarni olib tashlash Hindistonda eng katta muammolardan biri hisoblanadi. UTT va skrining xizmatlari 1980 yillarda Hindistonda keng tarqalgach, qiz homilani olib tashlash hollari ko‘paygan.
• Hindistonda qiz homilasini oldirib tashlash qonunan 1994 yildayoq taqiqlangan bo‘lsa ham, bu amaliyot hamon davom etmoqda.
• 2011 yilda Britaniyaning The Lancet tibbiy jurnali o‘ttiz yilda Hindistonda 12 million qiz homila abort qilinganini hisoblab chiqqan.
• Hozir Hindistonda qizlar tanqisligi kuzatilmoqda, har 1000 erkakka 943 ayol to‘g‘ri keladi.
• Qiz homilani olib tashlash jamiyatdagi hukmron qadriyatlar bilan bog‘liq. Ota-onalar odatda o‘g‘il farzand xohlaydi, chunki hinduizmda o‘g‘il ota-ona o‘limi bilan bog‘liq marosimlarga bosh-qosh bo‘lishi kerak. Shuningdek, qizni uzatayotganda beriladigan sep ham ko‘pchilikni qiz farzandli bo‘lishdan qo‘rqitib qo‘ygan.