Hokimlar aholiga murojaat qildi, kelgusi rejalar haqida fikrlashdi
Avval xabar qilganimizdek, kecha, 12 dekabr kuni xalq deputatlari Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq tumanlari kengashlarining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Xalq deputatlari Bulung‘ur tumani kengashining sessiyasida tuman hokimi Bahodir Bahromov 2020 yilda tumanda amalga oshirilgan ishlar, 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida aholiga murojaat qildi.
Ta’kidlanishicha, pandemiya ta’siri natijasida tumanda yanvar-avgust oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 173 mlrd. 102 mln. so‘mga yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 71,9 foizga bajarilgan.
Ko‘rsatkichni oshirish maqsadida tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan 221 ta sanoat korxonasining har biriga tumandagi iqtisodiy kompleksdan 35 ta mas’ul xodim biriktirilgan. Ularning faoliyati o‘rganilib, ishchi guruhlar tomonidan 221 ta korxona xatlovdan o‘tkazilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, korxonalar faoliyati monitoring qilinib, 27 tasi 75 foiz quvvatda, 32 tasi 50 foiz quvvatda, 41 tasi 25 foiz quvvatda ishlayotganligi aniqlangan.
Ushbu korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga chiqarish, tuman iqtisodiyotini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolari, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha takliflari o‘rganib chiqilgan va hal etilgan.
Misol uchun, “Bulung‘ur-Sandvik” qo‘shma korxonasining 88 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib olindi.
“Shohjahon Abdulaziz” oilaviy korxonasi va “Davlatbek halol nomi” MChJga davlat resurslari hisobidan un fondi ajratildi.
31 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit olgan “Greyen agro eksport” MChJga faoliyatini izchil yo‘lga qo‘yib olishi uchun 550 million so‘m miqdoridagi kreditning asosiy to‘loviga imtiyozli muddat qo‘shib berildi.
Murojaatda hokim ko‘proq kommunal sohadagi muammo va ularni yechish imkoniyatlariga to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda tuman bo‘yicha 360 kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab.
Joriy yilda loyiha qiymati 1 milliard 500 million so‘m bo‘lgan 15 ta ko‘chada 7,1 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlangan. 2021 yilda 2 milliard 4 million so‘mlik 15 ta mahalla hududidagi 10,2 kilometr masofaga ega 22 ta ko‘cha ta’mirlanadi.
Joriy yilda 25 kilometr elektr simlariga almashtirildi, qo‘shimcha 18 ta transformator va 208 ta temir beton ustunlar o‘rnatildi. 2021 yilda 500 dona temir beton ustunlar va 23 dona transformator o‘rnatiladi.
Gaz ta’minotini yaxshilash borasida bu yil 1,4 kilometr yangi gaz tarmoqlari qurilib foydalanishga topshirildi, 2021 yilda Bulung‘ur shoh ko‘chasidan Forobiy ko‘chasigacha bo‘lgan joydagi yer osti gaz quvuri almashtiriladi, O‘zbekiston ko‘chasidan Soboloq ko‘chasigacha 1,3 kilometr yangi gaz quvuri tortiladi. Natijada 1300 xonadonda gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Bugun tuman aholisining toza ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 83,1 foizni tashkil etadi. 2021-2023 yillarda tumanda ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 39 hududda 22 ta suv inshooti quriladi va 17 ta mavjud suv inshooti rekonstruksiya qilinadi, 52,6 kilometr suv tarmoqlari tortiladi. Natijada 12 402 nafar aholi ichimlik suv bilan ta’minlanadi, 8 093 nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi.
***
Xalq deputatlari Jomboy tumani kengashining sessiyasida tuman hokimi Q.Sobirov joriy yil boshidan buyon tumanda hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 430 milliard so‘mlik 41 ta loyiha ishga tushirilganini ta’kidladi.
Jumladan, sanoatda 86 milliard so‘mlik 13 ta, qishloq xo‘jaligida 308 milliard so‘mlik 15 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 36 milliard so‘mlik 13 ta loyiha ro‘yobga chiqarilgan. Natijada 545 ta yangi ish o‘rni hamda 5 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 36 milliard so‘mlik 5 ta loyiha ishga tushirilib, 76 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 21,2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Shundan 9,8 million dollar sanoat, 11,4 million dollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yil yakuni bilan 26,1 million dollarlik, shundan 10,8 million dollar sanoat mahsulotlari, 15,3 million dollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinishi kutilmoqda.
2021 yilda 45 million dollar miqdorida eksport amalga oshirilishi belgilab olingan. Jumladan, 9 million dollarlik sanoat, 36 million dollarlik meva-sabzavotlarni xorij bozoriga yetkazib berish maqsad qilingan.
Bugun tumanda 18-30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 41 ming 830 nafarni tashkil qiladi. Hokim murojaatida ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratish, ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Shu paytgacha ularga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida 20 milliard so‘m, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi asosida 600 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Kelgusi yilda yoshlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yanada ko‘proq e’tibor qaratiladi.
***
Xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashining sessiyasida ham tuman hokimi Bahodir Bobonazarov deputat va aholiga joriy yilda erishilgan yutuqlar va kelgusi rejalar haqida murojaat qildi.
Ta’kidlandiki, tumanda sanoat ishlab chiqarish hajmi 2019 yil yakuni bilan 1,1 trillion so‘mni tashkil qilib, aholi jon boshiga 5,6 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan 1,2 trillion so‘mga (o‘tgan yilning mos davriga 102,1 foizga ko‘p) va aholi jon boshiga 6,2 million so‘mga yetkazishni, shuningdek, 2021 yil birinchi yarim yillikda 619,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni yoki o‘tgan yilning mos davriga 111,5 foizga oshirish rejalashtirilgan.
B.Bobonazarov 2021 yilga mo‘ljallangan istiqbolli rejalar haqida batafsil ma’lumot berib, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda deputatlar, tadbirkorlar va aholidan faol bo‘lishlarini so‘radi.
***
Sessiyalar yakunida tumanlar hokimi va sektorlar rahbarlari ishtirokida matbuot anjumanlari o‘tkazildi. Unda sessiyada ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari va tadbirni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatgan fuqarolarning savollariga javob qaytarildi.