Hokimlikka tushgan murojaatlarning aksariyati subsidiya masalasida
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahar hokimligiga yil boshidan buyon jismoniy va yuridik shaxslardan 7 368 ta murojaat kelib tushgan. Jumladan, uy-joy olish uchun subsidiya ajratish masalasida 3 476 ta, yer va yer ajratish bo‘yicha 1270 ta murojaat qayd etilgan. Moddiy yordam so‘raganlar ham kam emas – 845 nafar.
Murojaatlarning 2185 tasi, qariyb 30 foizi ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 4000 dan ortig‘i yuzasidan tushuntirish berilgan. Demak, haligacha qayerga yoki kimga, qanday tartibda murojaat qilish yuzasidan huquqiy tushunchamiz yetarli emas.
– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan joriy yilda Samarqand shahrida uy-joy uchun 772 ta subsidiya ajratilishi belgilangan, – deydi Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov. – Bu albatta, uy-joyga muhtoj oilalar uchun juda katta imkoniyat. Ammo, Samarqandda bunday oilalar kam emas. Shuning uchun ham shu paytgacha subsidiya asosida uy-joy olish uchun kelib tushgan arizalar 3500 taga yaqinlashdi. Ming afsuski, ularning har biri uchun bir yilda, bir vaqtda subsidiya ajratishning imkoniyati yo‘q. Shu o‘rinda alohida qayd etishni istardim, subsidiya ajratilishi bo‘yicha berilgan arizalarni ko‘rib chiqishda inson faktori aralashmaydi. Arizalar tegishli tartibda 10 ta tashkilot (kadastr, soliq, moliya, IIB, yoshlar ittifoqi, tibbiyot birlashmasi, mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi, tijorat banklari, aholi bandligigi ko‘maklashish markazi) tomonidan kompyuter dasturi orqali ko‘rib chiqiladi va xulosa beriladi. Bugungi kunga qadar Samarqand shahri uchun belgilagan 772 ta subsidiyani oluvchilar tasdiqlanib, ijobiy xulosa berilgan. 1252 ta ariza rad etilgan, 1298 ta ariza komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan va ijobiy xulosa berish mumkin, qachonki shahar uchun yana qo‘shimcha subsidiya berilsa.
Eng ko‘p kelib tushgan murojaatlar yer va yer munosabatlariga oid. Ushbu masala ham Yurtboshimiz tomonidan yechib berildi.
Prezidentimizning 2021 yil 8 iyunda qabul qilingan “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni bilan yer va yer munosabatlariga oid murojaatlar bo‘yicha ham tashvishlarimiz ancha kamaydi. Endilikda biz yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, zaxiralash, obodonlashtirishga ajratish va boshqa vakolatlarga ega emasmiz. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinmoqda. Endilikda yer olmoqchi bo‘lgan fuqaro belgilangan tartibda auksionda qatnashib, ochiq va shaffof tanlov asosida yer olishi mumkin.