Hovlimdagi daraxtlarni kesish uchun ham ruxsatnoma olishim kerakmi?
Guvohi bo‘lyapmizki, moratoriy va boshqa cheklovlarga qaramay, joylarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda. Hatto ayrim «uddaburon»lar javobgarlikdan qochishga urinib, daraxtlarni ularning tanasiga turli yo‘llar bilan zarar yetkazish orqali nobud qilishgacha borishyapti.
Xo‘sh, bu bilan jazoni chetlab o‘tish mumkinmi, umuman, tabiatga yetkazilgan zarar qanday aniqlanadi? Tabiat resurslari vazirligi viloyat boshqarmasi mutaxassisi Sherali Iskandarov shu va boshqa savollarimizga javob berdi.
— Viloyatimizda daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani rostmi? Qonunbuzarlarni javobgarlikka tortish masalasi qanday bo‘lyapti?
— Haqiqatan ham keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlarining daraxtlarga shikast yetkazishi, ularni noqonuniy kesish bilan bog‘liq xatti-harakatlari haqidagi xabarlar ko‘paydi. Bu birinchi navbatda fuqarolarning tabiatni asrashga bo‘lgan mas’uliyati oshganidan darak bersa, ikkinchidan, yashil florani zararlash holatlari ortganidan ogohlantiradi. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, shu yilning 1 mayiga qadar inspektorlarimiz tomonidan 188 ta qonunbuzarlik holati bo‘yicha jami 312 million 300 ming so‘m jarima belgilangan. O‘tgan yil davomida bu 461 tani tashkil etib, qonunbuzarlarga jami 836 million so‘mdan ortiq jarima qo‘llanilgan edi.
Aksariyat qonunbuzarlar o‘z qilmishini turli yo‘llar bilan yashirishga urinayotgani ham bor gap. O‘rganishlar davomida ba’zi tadbirkorlik sub’yektlari o‘zlariga ajratilgan yerni avval baland devor bilan o‘rab, keyin undagi daraxtlarni kesayotgani yoki ularning ildiziga neft mahsulotlarini quyayotgani aniqlanmoqda. Ayrimlar esa ishni tunda bitirishga urinadi. Xususan, Samarqand shahri Spitamen shohko‘chasidagi holatda tadbirkor piyodalar yo‘lagidagi besh tup Eldor qarag‘ayini tungi paytda kesib olib, uning tag qismini yashirish maqsadida ustidan beton plitalarni yotqizganligi ma’lum bo‘ldi. Kimyogarlar shaharchasida esa fuqaro eski bolalar bog‘chasi hududidagi uch tup noyob Klyon daraxtining tomirlarini kesib, ularni tabiiy holda yiqilgandek ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Albatta, qonunbuzarlikni bu taxlit yashirib bo‘lmaydi, viloyatimizdagi har bir noyob daraxt hisobda turadi hamda ularning nobud bo‘lishi belgilangan tartibda o‘rganiladi. Yuqoridagi holatlar ham bundan mustasno emas, aybdorlar javobgarlikka tortildi. Jumladan, uch tup noyob daraxtning umriga zomin bo‘lgan fuqarodan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima hamda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 34 million 500 ming so‘m zarar undirildi.
— Sohaga oid axborotlarda «tabiatga yetkazilgan zarar», degan jumlani ko‘p o‘qiymiz. Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol: bu zarar miqdori qanday aniqlanadi?
— Huquqbuzarlik, avvalo, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bo‘yicha ko‘rib chiqilib, aybdorga jarima belgilanadi. Mazkur huquqbuzarlik oqibatida tabiatga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar qiymati esa Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli qarori 4-ilovasiga asosan hisoblab chiqiladi. Bunda kesilgan, kundakov qilingan yoki shikastlantirilgan daraxtning diametri, yoshi va qimmatliligi hisobga olinadi.
Bundan tashqari, boshqarma qoshida maxsus laboratoriya mavjud bo‘lib, unda o‘simlik dunyosi, suv, tuproq va shu kabi 18 turdagi ingedridlarning tahlil namunalari asosida o‘rganishlar olib borilib, ularga yetkazilgan zarar darajasi aniqlanadi.
— Aytaylik, men hovlimning atrofini obodonlashtirish uchun ko‘chadagi 100 yillik qayrag‘ochni kesdim. Menga qancha miqdorda jarima belgilanadi? Bu holatda ishimga xalaqit berayotgan daraxtni kesishning qonuniy asosi bormi?
— Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 fevraldagi 86-sonli qarori 15-ilovasiga asosan, jismoniy va yuridik shaxslar davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma olish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari lozim. Mazkur portal orqali elektron shaklda yo‘llangan murojaatga asosan Tabiat resurslari vazirligi hududiy bo‘limlari davlat inspektorlari joyiga chiqib, o‘rganish ishlarini olib boradi hamda 5 ish kuni ichida portal orqali javob xatini taqdim etadi.
Agar siz hovlingiz atrofidagi 100 yillik qayrag‘och daraxtini tegishli ruxsatnomasiz, noqonuniy kessangiz, sizga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy jarima qo‘llaniladi. Shuningdek, ushbu qayrag‘och sog‘lom bo‘lgan taqdirda, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar ham hisoblanadi.
— Sanitar holatini yo‘qotgan daraxt, deganda nimani tushunish kerak?
— Daraxtlarga shakl berish daraxtning havo, yorug‘likdan yaxshi bahramand bo‘lishi, ozuqa moddalarining hosilli novdalarda to‘planishiga xizmat qiladi. Shakl berilmagan daraxtlar sanitar holatini yo‘qotgan hisoblanadi hamda ular kam yashaydi va kam hosil beradi. Daraxtga shakl berish joyning tuproq, iqlim sharoitlariga, uning turi va navining biologik xususiyatlariga qarab bajariladi.
— O‘z hovlimdagi daraxtlarni kesish uchun ham ruxsatnoma olishim kerakmi?
— Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qarori 1-bob, 2-bandiga muvofiq, agarda bu daraxt sizning xonadoningiz kadastr chizmasi hududida bo‘lsa, ruxsatnoma talab etilmaydi. Sababi, ushbu daraxt sizni shaxsiy mulkingiz hisoblanadi.
— Qurilish uchun ishlatiladigan terak va boshqa shu kabi daraxtlarni kesish uchun-chi?
— Agar mazkur daraxtlar fuqaro yoki tadbirkorlik sub’yektining mulki hisoblanmasa hamda maxsus plantatsiyalarga ekilmagan bo‘lsa, ruxsatnoma olish zarur. Yuqoridagi holatlarda daraxtlarni kesish uchun ekologik nazorat idoralarining xulosasi talab etilmaydi.
— Men ko‘chada daraxt kesilayotganiga guvoh bo‘ldim, deylik. Bu haqda kimga va qanday xabar berishim kerak?
— Buning uchun, eng avvalo, yashash hududingizdagi Tabiat resurslari vazirligi tuman, shahar bo‘limlariga murojat etish tavsiya etiladi. Shuningdek, fuqarolar boshqarmaning (66) 229-37-77 «ishonch telefon»i yoki telegramm kanalidagi bot orqali murojaat qilib, qonunbuzarlik haqida xabar berishlari mumkin. Murojaatlar qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqilib, fuqaroga natijasi ma’lum qilinadi.
Asqar BAROTOV suhbatlashdi.