“Hoziroq maktabimizga yetib kela olasizmi?” Audio translyasiyadan so‘ng mutasaddilar 5-maktabga yetib bordi
Kecha, 3 dekabr kuni zarnews.uz telegram kanalida barcha o‘qituvchilar uchun xalq ta’limi tizimi muammolari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri audio muloqot o‘tkazilib, taklif, savol va fikr-mulohazalarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi rahbari G‘ayrat Boboxolov javoblar qaytardi.
Ishtirokchilardan biri onlayn translyasiyada Samarqand shahridagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida olib borilayotgan qurilish ishlarida kamchiliklar borligi aytib, imkon bo‘lsa mutasaddilar tezda maktabga kelishini so‘radi.
Ma’lum bo‘lishicha, translyasiyadan so‘ng mazkur maktabda qurilish ishlarini olib borgan pudratchi tashkilot bilan boshqarmaning qurilish bo‘limi va shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari ishtirokida voqea joyiga yetib borishgan.
Murojaatda aytilgan kamchiliklar tasdig‘ini topgan. Aniqlangan kamchiliklarni tez kunlarda bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlagani aytilmoqda.