Hududlarda huquqbuzarlik sodir etilishiga qarab, mahallalar «qizil», «sariq», «yashil» toifalarga ajratilmoqda
Bu haqda AOKAdagi matbuot anjumanida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahriddin Sultonov ma’lum qildi:
«Huquqbuzarliklar asosan ijtimoiy qatlamga mansub aholi, ya’ni ruhiy holati buzilgan, alkogolizm, giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxslarning oiladagi yashash tarzi yoki oilaviy muhitda yuzaga keladigan nizoli holatlar bilan bog‘liq.
Bunday nizoli holatlarga nimalar kiradi? Er, xotin yoki oilaning boshqa bir a’zosi o‘rtasida fuqarolik tartibidagi masalalarning, masalan, mol-mulkka bo‘lgan huquqlarning doimiy ravishda va o‘z vaqtida hal etilmasligi natijasida o‘zaro kelishmovchiliklar paydo bo‘ladi.
Shu bois aholining ijtimoiy holatini yaxshilash borasida mutasaddi idoralar bilan tegishli profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ning yuritilishi nazorat qilinmoqda.
Eng og‘ir va nizoli vaziyatlarning huquqbuzarlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun buni mahallalarning o‘zidayoq bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Huquqbuzarliklarni «mahallabay» tarzda «qizil», «sariq», «yashil» toifalarga ajratish - manzilli profilaktikani qaysi hududdan boshlash kerakligiga oydinlik kiritadi».