“Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi“
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 9 yanvarda “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.
Unga ko‘ra, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs – oila ‒ mahalla ‒ ta’lim muassasasi ‒ tashkilot ‒ jamiyat” prinsipi bo‘yicha tizimli va uzviy tashkil etiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi hamda qo‘shimcha huquqiy ma’lumotlar yetkazish tizimini o‘z ichiga oladigan milliy huquqiy internet portali hamda 2019 yil 1 iyulga qadar aholiga bepul maslahat berish portalini o‘z ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratiladi.
Mahallalarda fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish maqsadida tizimli ravishda amalga oshiriladigan “Huquqiy axborot kuni” loyihasi joriy etiladi.
2019 yil 1 martga qadar yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ayniqsa, ularning ongida korrupsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun o‘ta salbiy illat ekanligini targ‘ib qilishga qaratilgan o‘quv materiallari tayyorlanadi.
Konsepsiya doirasida bolalar uchun maxsus huquqiy portal yaratiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish” va “Inson huquqlarini o‘rganish” maxsus o‘quv kurslarini barcha ta’lim turlari bo‘yicha o‘rgatish joriy etiladi.
“Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilib, ko‘krak nishoni bilan huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hissa qo‘shgan shaxslar mukofotlanadi.