Ibodullayev deputatlarga ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi
O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi tomonidan mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari uchun tashkil etilgan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining ish faoliyatini samarali tashkil etish mexanizmlari” mavzusidagi o‘quv-seminarida mahalliy kengash deputatining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganildi.
Tadbirda Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev deputatlik guruhi faoliyati to‘g‘risida maqolalar yozish, matbuot xabarnomasi tayyorlash, qonun, qaror, farmonlarga munosabat bildirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarda (Facebook, Instagram, Telegram, Twitter) ishlash va boshqa messenjerlardan foydalanish yo‘llari haqida tushunchalar berdi.
- Men har bir deputatning ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari bo‘lishi tarafdoriman, - dedi Mannob Ibodullayev. - Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevni muvaffaqiyatli deputat sifatida xalqimiz yaxshi taniydi. Uning bu boradagi yutuqlarida blogerligi ham muhim o‘rin tutadi. U zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanadi. Qabul qilingan qonun, qaror va farmonlarga birinchilardan bo‘lib fikr bildiradi. Kelib tushgan muammolar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam postlar qoldiradi. Bu shaffoflik uni xalqqa eng faol deputat sifatida tanitdi. Orangizda xalq muammolari bilan yashaydigan, ularni hal etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan faol deputatlar ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin. Ularni ommaga yetkazish uchun ijtimoiy tarmoqlardan sahifa ochish eng to‘g‘ri yo‘l. Jamoatchilik fikrlarini shakllantirish va muammolarni tezda hal etilishida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni beqiyos.
Baxtigul QARSHIYEVA,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.