Ibratli voqea: Non orasidagi tilla
Podshohlardan birining shahar ko‘chalarini aylanib yurish odati bor edi. Aravada ketayotgan podshohning e’tiborini ikki tilanchining ovozi tortdi. Ulardan birinchisi shoh aravasi tomon qo‘lini cho‘zib, uni madh etib hayqirdi: «Faqat shohim menga baxtimni hadya etadi!».
Podshoh nariroqdagi ikkinchi tilanchi, go‘yo bunga qasd qilgandek: «Faqat Alloh marhamatli Zot, faqat Allohdan baxt tilayman!», der edi.
Saroyga qaytgan shoh ikkita non pishirib, ulardan biriga kattagina tilla yombi qo‘shishlarini buyurdi. Ertasiga yana shu joydan o‘tgan shoh tilla qo‘shilgan nonni o‘zini maqtagan tilanchiga berishlarini tayinladi. Narigi non esa Allohdan baxt so‘ragan gadoyga nasib qildi.
Oradan necha vaqtlar o‘tib, o‘sha joydan o‘tgan podshohning ko‘zi yana o‘sha tilanchiga tushdi. Tilanchi hali-hamon o‘sha joyida o‘tirib, baqirib, odamlardan xayr so‘rardi. Podshoh aravasidan tushib tilanchiga yuzlandi va so‘radi:
— Nega yana tilanib o‘tiribsan? Men senga ichida tilla bo‘lgan non bermaganmidim?
Tilanchi hayron bo‘ldi:
— Qanaqa oltin haqida so‘zlayapsiz, shohim. Menga bergan noningiz juda og‘ir ekanligidan uni xom gumon qilib, anavi yerda o‘tiradigan tilanchiga 10 chaqaga sotib yubordim.
Ikkinchi tilanchi ko‘rinmasdi. So‘rab-surishtirishni buyurgan shoh, gadoyning xotini tillani topib olgani, ular boyib ketib hozir to‘kin yashayotganini eshitdi. Shoh tilanchiga hech qachon Allohni qo‘yib, boshqaga sig‘inmaslikni, baxt-saodat ham faqat Parvardigordan so‘ralishini aytib saroyiga ravona bo‘ldi.
Yoqub UMAR tarjimasi.