Ichdi xon yoxud Ishtixon va Chimboy o‘rtasidagi sut quvuri

Hozirgi Ishtixon qadimda Sug‘d davlati tarkibidagi shahar istehkomi bo‘lgan. Loydan tiklangan mustahkam mudofaa devorlari bo‘ylab Oqdaryodan suv kiradigan ariq, Samarqand shahriga yo‘naltiruvchi, Buxoroga chiquvchi, umumiy hisobda qal’aning to‘rtta darvozasi bo‘lgan.

Bu qimmatbaho darvozalar rus bosqinchilari tomonidan olib ketilib, Peterburgdagi Ermitaj muzeyiga topshirilgan, degan ma’lumotlar bor. Ishtixon shahri obidasi ham Afrosiyob kabi qadimiy. Buyuk Ipak yo‘li orqali ishtixonlik savdogarlar Xitoy, Hindiston, Eron va boshqa davlatlar bilan savdo-sotiq qilgan. Xususan, 627 yilda Ishtixondan Xitoyga navbatdagi savdo karvoni jo‘nab ketganligi haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘idagi bu hududlar Miyonqal’a, Miyonqol deyilgan. Cho‘ponotada ikkiga bo‘linadigan Zarafshon Xatirchi tumanidagi Tasmachi qishlog‘ida yana qo‘shiladi. Shu oraliqdagi hudud Miyonqol, yarim orolning markazi Ishtixon qal’asi bo‘lgan. Miyonqol qadimgi fors tilida o‘rtadagi shahar degan ma’noni bildiradi.

Ishtixon shahri nomining kelib chiqishi haqida ham turli qarashlar mavjud. Rivoyat qilishlaricha, hozirgi Past Darg‘om tumani hududida joylashgan Chimboy dashti hokimi chorvasining ko‘pligi bilan dong‘i ketgan ekan. U o‘g‘liga munosib qiz axtarib, Sug‘d podshosi Ixshidxonning qiziga sovchi qo‘yadi. Sug‘d hukmdori qizini uning o‘g‘liga bir shart bilan berishini aytadi. Unga ko‘ra baland dashtdan pastdagi shahar qal’asiga yer osti orqali quvurda sut yetkazib berishi lozim edi. Shundan so‘ng dasht hokimi katta sopol quvurlar yasatib uni qal’a ichkarisigacha olib kiradi. Qal’aga yuqoridan shu quvurlar orqali sut oqib turgan. Eng avval sutdan xon huzur qilib ichgach o‘rtadagi chopar va jarchilar “Ichdi xon”, deb baqirib ketaveradi. Shu-shu, bu shahar Ishtixon, shartni bajargan chorvador esa chin boy ekanligi tan olinib, dasht hududi Chimboy deb nomlanadi.

Qahramon Namozov.