Ma’muriy suddan munosabat: “Uy-joy fermer xo‘jaligi hududida qurilgani sababli fuqaro uyiga berilgan hokim qarori bekor qilingan”

Avvalroq saytimizda e’lon qilingan “Hokim qarori, kadastr, davlat ro‘yxati bor, ammo uy noqonuniy” sarlavhali maqolada Ishtixon tumani Barlos mahallasida yashovchi Malika Navro‘zovaning yashab turgan uy-joyi sud qarori bilan olib qo‘yilayotgani to‘g‘risida so‘z yuritilgan edi.

Samarqand viloyat Ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev imzosi bilan maqolaga munosabat bildirildi.

“Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga arizachi “Bolqi” fermer xo‘jaligi raisi H.Tirkasheva sudga ariza bilan murojaat qilib, Ishtixon tumani Sohibkor MFY, Bolqi qishlog‘ida joylashgan uy-joyda yashovchi fuqaro Ilhom Navruzovning 1,14 ga yer uchastkasining 0,15 ga qismiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berish to‘g‘risidagi tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Ishtixon tuman hokimining 2019 yil 16 fevraldagi 1527-Q-sonli qaroriga asosan fuqaro Habiba Tirkashevaning “Bolqi” fermer xo‘jaligiga qo‘shimcha ravishda “Qo‘rlisoy texnikalari agrofirma” hududidagi jami 36,45 gektar yer maydoni qo‘shimcha ravishda ajratib berilgan.

“Bolqi” fermer xo‘jaligi va Ishtixon tuman hokimiyati o‘rtasida 2019 yil 26 fevralda ijara shartnomasi tuzilgan bo‘lib, ijara shartnomasi 638-son tartib raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-sonli Farmoni asosida Ishtixon tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-q sonli qarori bilan Sohibkor MFY, Bolqi qishlog‘ida joylashgan uy-joyda yashovchi fuqaro Ilxom Navruzovning 1,14 ga yer uchastkasini 0,15 qismiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan. Mazkur yer aslida fermer xo‘jaligiga ijara huquqi asosida ajratilgan yer maydonida joylashgan.

Ushbu yer uchastkasida jami qurilish osti maydoni 98,80 kv.metr, umumiy foydali maydoni 69,50 kv.metr, shundan yashash maydoni 33,66 kv.metr, yashash xonalar soni 2 tani tashkil etadigan binolariga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilgan.

Sudning 2023 yil 2 maydagi hal qiluv qarori bilan Ishtixon tuman hokimining 5186-Q sonli 2019 yil 11 iyuldagi qarori quyidagi asoslarda haqiqiy emas deb topilgan va arizachining arizasi qanoatlantirilgan:

1. Yer kodeksining 27-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkalari beriladi.

Nizoli bo‘lgan tuman hokimining  2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarori bilan esa mazkur qonun talablariga zid ravishda fuqaro I.Navruzovga 0,15 gektarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan.

2.Yer kodeksining (2019 yil 11 iyulda amalda bo‘lgan) 43-moddasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berib qo‘yilgan yoki ana shu maqsadlar uchun belgilangan yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qishloq xo‘jaligidan o‘zga ehtiyojlar uchun boshqa toifadagi yerlarga o‘tkazishga alohida hollarda ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq yo‘l qo‘yiladi.

Nizoli bo‘lgan tuman hokimining  2019 yil 11 iyuldagi 5186-Q sonli qarori bilan esa mazkur qonun talablariga zid ravishda fuqaroga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonining 0,15 qismiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan.

3. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 27-bandiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilgan imoratlar shaharsozlik normalari va qoidalarini buzib qurilgan bo‘lsa, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmaydi.

Tuman hokimining 5186-Q sonli qarori bilan I.Navruzovga 0,15 ga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan yer uchastkasi qishloq xo‘jaligi xaritasining 236-konturida joylashgan bo‘lib, “Bolqi” fermer xo‘jaligiga tuman hokimining qarori va ijara shartnomasiga asosan g‘allachilik va uzumchilik yo‘nalishida foydalanish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan.

Fuqarolik kodeksining 12-moddasi 1-qismiga ko‘ra, davlat organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hamda fuqaroning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Ishtixon tuman hokimining 2019 yil 11 iyuldagi 5186-q sonli qarori qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan va arizachining huquq va manfaatlarini buzgan hujjat hisoblanadi.

Mazkur ish Samarqand tumanlararo ma’muriy sudining 2023 yil 2 maydagi hal qiluv qaroriga nisbatan I.Navruzov tomonidan berilgan apellyasiya shikoyati asosida apellyasiya instansiyasida 2023 yil 20 iyunda ko‘rilib, birinchi instansiya hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Norozi taraflarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi”, deyiladi viloyat ma’muriy sudi munosabatida.

***

Davlat rahbari imzolagan hujjat asos emasmi?

Tuman hokimining 2019 yil 16 fevraldagi qarori bilan fermer xo‘jaligiga 36,45 gektar yer maydoni qo‘shib berilgan. Uy-joyning noqonuniy deb topilishiga birinchi sabablardan biri uy-joy joylashgan maydon fermer xo‘jaligi tasarrufidagi yer hisoblanadi. Lekin murojaatchi yerni 2014 yilda olganligi va 2017 yilda uy qurganligini da’vo qilyapti. Hokimlik va soha mas’ullari yerni fermer tasarrufiga o‘tkazishdan oldin joyni o‘rganmaganmi? Murojaatchi uy qurgan, tok ekkan, parvarishlagan, qolaversa, fermer xo‘jaligi rahbari bilan sheriklikda artezian quduq o‘rnatgan. Shuncha ish bo‘lguncha fermer nega yerga da’vo qilmasdan, uzum hosilga kirganda sud orqali uy-joy noqonuniy, deb topilmoqda. Buning ustiga, fermer uyni o‘zi qurdirganini da’vo qilmoqda, endi esa buzdirmoqchi. O‘rtada adovatning ildizi ko‘rinib qolmayaptimikan?

Hudud lalmi maydon bo‘lgani va ishsizlik yuqori bo‘lgani uchun aholining asosiy daromadi uzum hosiliga bog‘liq. Shu bois hududdagi aholining yer uchastkalari 0,80 gektardan 1- 1,5 gektargacha yetadi.

Unda hududdagi barcha uylar noqonuniy hisoblanadimi? Endi savol tug‘iladi: Yuqoridagi munosabatda "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qishloq xo‘jaligidan o‘zga ehtiyojlar uchun boshqa toifadagi yerlarga o‘tkazishga alohida hollarda ushbu kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq yo‘l qo‘yiladi", deyilgan. Bu borada davlat rahbari imzolagan umumdavlat aksiyasi o‘tkazilishiga doir hujjat asos emasmi?

Prezident farmoni bilan belgilangan tartib sudning qarori bilan bekor bo‘lyapti. Qolaversa, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uy-joyga egalik qilish uchun kerak bo‘lgan barcha hujjatlari bo‘la turib, bir oilaning yashab turgan uyi noqonuniyga chiqarilgan. Yana mardikor, kambag‘al aholining uyi buzilyapti? Bu odamlarni yanada kambag‘allashtirishmi yoki davlatga ishonchsizlikni orttirishmi?

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda inson manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Qonunlarning insonparvar bo‘lishi nazarda tutilgan. Bordi-yu, davlat va shaxs manfaatlari to‘qnash kelganda, shaxsga ustuvorlik berilishi ko‘p ta’kidlandi.

Afsuski, yuqoridagi murojaat va uning natijasi buning aksini ko‘rsatayotgandek. To‘g‘ri, qonunlarda aniq tartiblar belgilangan, ammo hayotdan, amaliyotdan kelib chiqib, ularga o‘zgartirish kiritish, odamlar uchun qulay, adolatli tartib belgilash mumkin-ku.

Tahririyat.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.