Ishtixon tarixi muzeyida mashhur nemis fotografining asarlari borligini bilasizmi?
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar shu kunlarda yurtimizdagi mavjud muzeylar faoliyati bilan tanishib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod To‘xtashev hamda xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi deputatlari shu maqsadda tumandagi Ishtixon tarixi muzeyida bo‘lishdi. Ishchi guruh tashrif davomida muzey faoliyati, eksponatlarning turlari va ko‘lami, ularning soni, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
2020 yilda tashqi fasadi joriy ta’mirdan chiqarilgan muzey binosida yaratilgan sharoitlar yomonmas. Muhimi, bu yerda imkoniyati cheklangan shaxslarning ham bemalol kelib muzeyni tomosha qilishlari uchun maxsus yo‘laklar, ya’ni panduslar tashkil qilingan. Yaqin kunlarda maxsus aravachalarda xizmat ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Fondida 1378 ta eksponat mavjud bo‘lgan mazkur muzey - tarix, tabiat, etnografiya, mustaqillik va ko‘rgazma kabi zallarni qamrab olgan. Zallardagi eksponatlarni ishonchli saqlash uchun sharoitlar yaratilgan, ammo bugungi kun talablari darajasida emas. Deputatlar bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligiga alohida urg‘u qaratishdi.
– G‘arb insonlarining tariximiz, urf-odatlarimizga bo‘lgan qiziqishlari meni hayratda qoldirdi, – deydi Sherzod To‘xtashev. – Ishtixon tuman tarixi muzeyida mashhur nemis fotografi Uyelrix Killerning “O‘zbek ayolining madaniyati” asari o‘rin olgan ekan. Unda ayollarimizning mehmon kutish madaniyati, to‘y-marosimlarda o‘lanlar, laparlar aytish jarayoni o‘z aksini topgan.
Deputatlar muzey haqida ijtimoiy tarmoqlarga reklama roliklarini joylashtirish, muzeyga tashrif buyurish va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun elektron chiptalarni yo‘lga qo‘yish, turli ekspeditsiyalar tashkil qilish orqali noyob osori-atiqalar, tarixiy qimmatga ega eksponatlarni izlab topish hamda muzey fondini boyitib borish zarurligini ta’kidlashdi.
Otabek Sharofov,
O‘zMTDP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.