Ichimlik suvi va suv oqova xizmatining narxlarida o‘zgarish bo‘ladi
Bu haqda "Samarqand suv ta’minoti" AJ direktori Komil Yusupov viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, hozirda viloyatning 3 milliondan ziyod aholisi, ya’ni 75,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan 1 million nafari (24,6 foizi) turli manbalardan, jumladan, buloq, kachalka, tashib keltirish orqali iste’mol qiladi. 2223 ta quduqning 692 tasi, 1970 ta suv inshootlarining 623 tasi, 7,3 ming kilometr suv tarmoqlarining 813,6 kilometri ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Shuningdek, aholining 20,6 foizi oqova suv xizmatlari bilan ta’minlangan.
- Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida 6 ta yildan-yilga o‘tuvchi ob’yektlarni ta’mirlash uchun 63,95 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan, - dedi K.Yusupov jurnalistlarga ma’lumot berar ekan. - Ushbu mablag‘lar hisobidan 118 kilometr, jumladan, 99 kilometr ichimlik suvi va 19 kilometr oqova suv tarmoqlari tortiladi. 4 ta toza suv, 2 ta oqova suv inshoot qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2020-2025 yillarda “Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Samarqand shahridagi ichimlik suv tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 6 ta nasos stansiyasi, 2 ta suv inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda 11,2 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha Samarqand shahridagi Amir Temur ko‘chasida 2255 metr, Gagarin ko‘chasida 1860 metr turli kattalikdagi tarmoq montaj qilindi.
Jahon banki mablag‘lari hisobidan “Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri ichimlik suv va oqova suv tozalash inshootlari va oqova tizimlari rekonstruksiya qilish” loyihasining amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
Tadbirda Samarqand shahri Qorasuv maskani va yangidan barpo etilayotgan Shirin shaharchasini davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida ichimlik va oqova tizimlarini qurish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha Ispaniyaning “Almar” Water Salutions kompaniyasi tomonidan takliflar xususida ham ma’lumot berildi. 101,5 million dollarlik loyihalar asosida Oqdaryo, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on va Past Darg‘om tumanlarida 1 tadan, Ishtixon va Payariq tumanida 2 tadan bir kunda quvvati 30 ming metr/kub bo‘lgan 8 ta oqova tozalash inshooti va 185,5 kilometr suvoqova tarmoqlari qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, K.Yusupov ichimlik suvi va oqova xizmatlari uchun belgilangan yangi tarifga qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘shilayotganini alohida qayd etdi.
- 2024 yil 1 apreldan boshlab, viloyatimizda 1 kub/metr ichimlik suvi to‘lov miqdori qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan qo‘shilgan holda 2800 so‘m, 1 metr/kub suvoqova xizmati uchun esa 1792 so‘m qilib belgilandi, - dedi K.Yusupov.
Dilmurod TO‘XTAYeV.