Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari M.Jo‘rayevning Past Darg‘om tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida 42 ta murojaat qabul qilindi, nogironlik aravachalari topshirildi
Pastdarg‘om tumanida IIV o‘rinbosari M.Jo‘rayev va viloyat IIB, tuman IIB xodimlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Ushbu sayyor qabul har safargidan boshqacha tarzda bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, sayyor qabul bo‘lib o‘tadigan 32-sonli musiqa va san’at maktabida sayyor qabuldan so‘ng kitob yarmarkasi o‘tkazildi. Shuningdek tadbir mehmonlari uchun dasturxon yozildi.
Sayyor qabulda Pastdarg‘om tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyev tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan birga nogironlar uchun aravachalar tarqatishdi.
- Yil boshidan beri tumanimiz bo‘ylab 76 ta nogironga aravacha berildi. Muborak Ramazon oyi munosabati bilan yana bir guruh nogironlarga nogironlik aravachasi berdik. Tumanimizda umumiy 5200 nafar nogiron bor. Ulardan 80 nafari harakatlanishi cheklangan nogironlar tashkil etadi, - deydi Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Akbar O‘taboyev.
- Sayyor qabul jarayonida shu narsa aniq bo‘ldiki, odamlar sayyor qabulga oxirgi umid o‘laroq murojaat qilayaptilar. Murojatlarning aksariyati uy-joy ta’minoti, yer egaligi, kredit masalalari, tadbirkorlik faoliyati, moddiy yordam masalalarida bo‘ldi. Aksariyat murojatlarni joyida hal qildik, bir qismini esa tegishli tashkilot mutasaddilari zimmasiga yuklandi, – deydi, IIV o‘rinbosari M. Jo‘rayev.
Pastdarg‘om tumani, Gulobod qishlog‘ida yashovchi Gulnoza Abdusamatova pedagogika kollejini tugatib, nogironligi tufayli o‘ziga mos ish topa olmay yurgan ekan. U bir necha joyga murojaat qilgan, ammo "bo‘sh o‘rin yo‘q" degan javobni olgan. U sayyor qabulda o‘zining muammosi hal etilishiga va mutasaddilar unga o‘ziga mos ish topib berishlariga ishonib qabulga kelgan.
Shuningdek «Furqat» mahallasida yashovchi Xosiyat Oqberdiyeva moddiy yordam so‘rash uchun sayyor qabulga kelgan. Uning aytishicha, 2012 yilda qizi vafot etgan va uning besh nafar farzandi boquvchisiz qolgan. Kuyovi bolalarga yordam berishni va’da qilib unikiga olib kelib qo‘ygan, ammo shundan so‘ng uylanib bolalaridan ham xabar olmay qo‘ygan. Bugungi kunda ana shu besh nafar nabirasini Xosiyat opa turmush o‘rtog‘i bilan faqat pensiyasining hisobidan qiynalib tarbiyalamoqda. U kuyovining nabiralariga yordam berishini xohlaydi
Shu kuni sayyor qabulda umumiy tarzda 42 ta murojaat qabul qilindi. Ayrimlari joyida hal qilingan bo‘lsa, qolganlari mutasaddi tashkilotlarga kechiktirmasdan hal qilish uchun yo‘llandi.
Z. Boltayeva.