Ichki ishlar vazirligi “Agromir Buildings” korxonasi atrofidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi

Bir muddat avval IIV axborot xizmati tomonidan joriy yilning 6 noyabr kuni Samarqand shahar, Qora-suv massivi, Obod Maskan mahallasi hududida “Agromir Buildings” korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan ishchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqanligi haqida ma’lumot berilgan edi. 

Unda fuqarolardan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov yakuniga ko‘ra to‘liq axborot berilishiga qadar, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan video tasvirlarga nomaqbul izohlar berishlaridan o‘zlarini tiyishlarini so‘ralgan. Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga nisbatan rasmiy munosabatini e’lon qildi.

“Afsuski ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, bo‘lib o‘tgan voqeani bo‘rttirib ko‘rsatish, mamlakatimiz fuqarolarini millatchilikda ayblash hamda o‘zbek-turk munosabatlariga sovuqchilik tushirish maqsadida, bo‘lib o‘tgan hodisaga go‘yoki “Turk ishchilari oshxonada ishlaydigan mahalliy aëlni zo‘rlaganligi oqibatida” yoki “Janjal mahalliy ishchilarning o‘zlari va turklarga ayni ish uchun berilaëtgan oyligidagi katta farqidan kelib chiqqan” degan vajlarni keltirish holatlari kuzatildi“, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, voqeadan bexabar ayrim fuqarolarimiz, ushbu vajlarga berilib, salbiy izohlarni tarqalishiga sababchi bo‘lmoqdalar.

2019 yilning 6 noyabr kuni Samarqand shahar, Qora suv massivi, Obod Maskan mahallasi hududida “Agromir Buildings” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan, Turkiya davlati fuqarolari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida, o‘zaro tan jarohatlari yetkazilgan.

“Surishtiruv jarayonida, mazkur janjal 1996 yilda tug‘ilgan Payariq tumani “Toxirshayx” mahallasida yashovchi, yakka tartibda mavsumiy mehnat bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek fuqarosi S.P. “Agromir Buildings” MChJ tomonidan yollangan quruvchi-montajchi bir nechta turk fuqarolari bilan olovda isinish bahonasidan kelib chiqqanligi, shundan so‘ng nizo avjiga chiqib, yuzaga kelgan janjalga qurilishga yollangan boshqa O‘zbekiston fuqarolari aralashgan va bir birlariga tan jarohatlari yetkazilganligi aniqlandi“, deya qayd etilgan xabarda.

Ma’lumotlarga qaraganda, qurilish ishlariga 1800 dan ko‘p O‘zbekiston Respublikasi hamda 200 nafardan ortiq Turkiya davlati fuqarolari jalb etilgan.

Ushbu holat natijasida Turkiya davlati fuqarolaridan to‘rt nafari va mahalliy fuqarolardan bir nafari yengil tan jarohati olishgan.

Surishtiruv jarayonida shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Turkiya fuqarolaridan 4 nafari jabrlanuvchi, 11 nafari janjalda ishtirok etgan faol guvoh tariqasida ushbu jinoyat ishiga jalb etilgan.

Shuningdek, 7 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jabrlanganligi, jinoyat ishidagi ishtirokchilik va ayblilik darajasiga tergov harakatlari davomida to‘liq aniqlik kiritiladi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati mutasaddi xodimlari tomonidan ishchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgan, deyiladi IIV Axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan munosabatda.

O‘zA