IIBning psixologi bor
Samarqand tumani Qorasuv massivida Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 9-son ichki ishlar bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, viloyat hokimi E.Turdimov ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni e’tirof etdi.
Ta’kidlandiki, tizimda olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoit tufayli aholining tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga erishilmoqda. Tahlillarga nazar solsak, respublikamiz miqyosida 2017 yil yakuni bo‘yicha jinoyatchilik 15 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 30 foizni tashkil etdi.
Bo‘limda aholi murojaatlari bilan ishlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish ishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, profilaktika inspektori, tergov, surishtiruv, ma’naviyat va ma’rifat xonalari mavjud. Xonalar kompyuter va zamonaviy aloqa vositalari bilan ta’minlangan.
– Bo‘limimizda faoliyat yuritayotgan 32 nafar xodim 16 mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi, – deydi bo‘lim boshlig‘i Fayrat Halimov. – Yaqinda massivda qurilib, foydalanishga topshirilgan yangi ko‘p qavatli binolarga 88 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Kuzatuv moslamalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri navbatchilik qismining o‘zida kuzatish ishlarini olib borish mumkin. Bu ortiqcha ovoragarchilik va jinoyat sodir etilishining oldini oladi.
Shuningdek, fuqarolar pasportini bo‘limning o‘zida rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Aholi uchun psixolog xizmati ham yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir davomida 9-son ichki ishlar bo‘limiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan "Nexia 3" rusumli xizmat avtomashinasi topshirildi.
B.XONKELDIYEV,
B.RUSTAMOV (foto).