IIV Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Milliy gvardiyaga o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash xizmati to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

Qarorda belgilanishicha, Ichki ishlar vazirligining Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari Milliy gvardiyaga o‘tkazilgan.

Nizomga muvofiq, qo‘riqlash xizmatining asosiy vazifasi shartnoma asosida davlat ob’yektlarini, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’yektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini qo‘riqlashni ta’minlash hisoblanadi.

Qo‘riqlash xizmati uchun narx Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun Moliya vazirligi bilan kelishib, boshqa tashkilotlar uchun Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan mustaqil belgilanadi.

Nizom bilan Qo‘riqlash xizmatining majburiyatlari va huquqlari, naryadlarning faoliyatini tashkil etish, xodimlarning javobgarligi belgilab berildi.

Xususan, Qo‘riqlash xizmati xodimi davlat organi vakili hisoblanadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi.

Qo‘riqlash xizmati xodimi xizmat vazifasini bajarishda faqat bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlig‘iga (komandiriga) va mas’ul navbatchiga bo‘ysunadi.