IIV tizimidagi 11 nafar rahbar xodim korrupsiya tufayli ishdan ketdi
Kecha, 10 dekabr kuni ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R.A.Xatamov Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Unda Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarining rahbarlari, o‘rinbosarlari hamda shahar va tuman ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi ishlarning ahvoli tanqidiy muhokama qilindi.
Xususan, joriy yilning 11 oyi davomida korrupsion xarakterga ega salbiy holatlarga yo‘l qo‘yganliklari uchun 23 nafar xodim ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilganligi, ularning 11 nafar rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi, 40 nafariga esa intizomiy jazo choralari qo‘llanilganligi qayd etildi.