IIV Toshkent shahridagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida o‘t o‘chirish moslamasi portlashi oqibatlari haqida ma’lumot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida o‘t o‘chirish moslamasini yoqib, uning portlashi natijasida odamlar jarohatlangani haqida ma’lumotlar va videotasvirlar tarqalmoqda.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 1 yanvar kuni tungi soat 00:45 larda Shayxontohur tumani Qoratosh ko‘chasi, avtoqatnov yo‘lida bayram bahonasi bilan aholi yig‘ilib, bir nechta fuqarolar avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo‘lbola usulda yasalgan “o‘t o‘chirish” moslamasini joylashtirib, tagidan olov yoqishi oqibatida moslama chaqnashi kuzatilgan.
Oqibatda, mushakbozlikni telefoni kamerasiga tasvirga olayotgan fuqarolar - 1997 yilda tug‘ilgan M.S. (tashxis: qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi), 1999 yilda tug‘ilgan M.A. (tashxis: o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati) hamda 2006 yilda tug‘ilgan X.N. (tashxis: o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi) turli ko‘rinishdagi jarohat olgan.
Holat yuzasidan moslamani tayyorlagan hamda uni yoqqan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, axborotda dam olish kunlari farzandlarimiz va yaqinlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini nazorat qilish muhimligi eslatib o‘tilgan.