Ijara shartnomasi: Qanday o‘zgarishlar bor?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi "Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi o‘rnatildi va ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi.
Xo‘sh, yangi tartib qanday bo‘ladi va shu vaqtgacha notariuslar orqali tuzilgan shartnomalar o‘z kuchini yo‘qotadimi? Shu kabi savollar bilan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod NurmuHammedovga murojaat qildik.
– Yuqoridagi qaror asosida davlat soliq qo‘mitasi tomonidan "Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi" ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, har ikki tomon o‘zaro shartnoma tuzishi hamda u soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.
Shartnomani hisobga qo‘yish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi. Notarius orqali tuzilgan ijara shartnomalari amal qilish muddatiga qadar o‘z kuchida qoladi va ushbu shartnomalarni davlat soliq organlarida qayta ro‘yxatga qo‘yish talab etilmaydi.
– Ijara shartnomasi bo‘yicha olingan daromadlarga hisoblangan soliqning bir yilligi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, 2019 yil 1 yanvardan qanday hisob kitob qilinadi? (misol uchun, 2018 yil 1 maydan 2019 yilning 1 mayiga qadar soliq to‘langan).
– Ijara shartnomasi bo‘yicha olingan daromadlarga 2018 yilda 7,5 foiz miqdorida, 2019 yil 1 yanvardan 12 foiz miqdorida soliq hisoblanishidan kelib chiqib, yuqoridagi misol bo‘yicha 2019 yil yanvar-may oylari uchun qayta hisob-kitob qilinadi.
– Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish muddatlari belgilanganmi va ro‘yxatga qo‘yish uchun qo‘shimcha yig‘im undiriladimi?
– Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida nizom (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2018 yil 11 oktyabrda 3077-son bilan ro‘yxatga olingan)ning 6-bandiga asosan ijaraga beruvchi yoki uning vakili ko‘chmas mulk ijara shartnomasini u tuzilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘yishi shartli belgilangan hamda ro‘yxatga qo‘yish uchun qo‘shimcha yig‘im undirilmaydi. O‘zaro shartnoma tuzish uchun esa my.soliq.uz cayti va hududiy soliq idoralaridagi namunalardan foydalanish mumkin.
– Ijara shartnomasi tuzmasdan mulkni ijaraga bergan fuqarolarga qanday choralar qo‘llaniladi?
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1591-moddasida fuqarolar o‘rtasida bino, inshoot yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish, tekin foydalanishga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud davlat soliq organlarida ijaraga berish shartnomasining majburiy hisobga qo‘yilishiga rioya etmaslik, – eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV suhbatlashdi.