Ijtimoiy tarmoqlar – ozodlik sari qo‘yilgan qadammi?
yoxud “Akakiy metodi” haqida mulohaza
Ijtimoiy tarmoqlar hatto ularda ro‘yxatdan o‘tmagan odamlar haqida ham ma’lumot to‘playdi. Hayron bo‘lyapsizmi? Ammo bu haqiqat. E’tibor berganmisiz, hozir deyarli hamma veb-saytda ijtimoiy tarmoq belgisi ifodalangan (“Layk”, “Repost” va h.k.) qo‘shimcha tugmachalar joylashtirilgan. Ammo buni o‘ziga yarasha salbiy jihatlari bor – ijtimoiy tarmoqlar o‘sha tugmachalarga murojaat qilgan har bir “mehmon” to‘g‘risida statistik ma’lumotlar yig‘ib boradi, deb yozadi O‘zA.
“Mening hech kimdan yashiradigan sirim yo‘q” deyishingiz mumkin, albatta. Biroq quyida keltiriladigan mulohazalar fikringizni o‘zgartirishi mumkin.
Har bir fuqaro Feysbukdan 40 kun ichida o‘zi haqida to‘plangan barcha shaxsiy ma’lumotlarni berishni talab qilish huquqiga ega. 24 yoshli talaba Maks Shrems ijtimoiy tarmoqdan o‘zi to‘g‘risidagi mavjud informatsiyani jo‘natishlarini so‘raydi. Markning so‘rovi qondirilgach, u shunchaki hayratga tushadi. Nega deysizmi? Axir Feysbuk unga 1200 sahifadan iborat butun-bir hujjatni taqdim etgan, buning ustiga ma’lumotlar 57 toifaga (qiziqishlari, siyosiy qarashlari, xobbisi, ishi, ma’lumoti, do‘stlari, fotosuratlari, paroli, yozishmalari va boshqalar) bo‘lingan edi-da.
Boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqlar bizning hayotimiz haqidagi ma’lumotlarni faol to‘plab boradi. Faqat o‘ylab ko‘ring, bitta odam uchun – 1200 dan ortiq sahifa. Yana bu voqea olis 2011 yilda ro‘y berganiga nima deysiz? Shu paytgacha axborotni jamlash va tahlil qilish algoritmi yanada takomillashganiga shubha yo‘q.
Ma’lumki, ijtimoiy tarmoqlar tez-tez boshqa foydalanuvchilar bilan do‘stlashishni tavsiya etib turadi. Ularning aksariyati bizga tanish chehralar bo‘lgani uchun do‘st tutinib ketaveramiz. Ammo Feysbuk yaqinda yangi funksiyani ishga tushirdi. Masalan, bir-birini “umrida ko‘rmagan” bemor va psixiatr-shifokorga o‘zaro “do‘stlik” tavsiya qila boshladi.
Tabiiyki, foydalanuvchilar tarmoqdagi sahifasiga qandaydir tibbiy muassasaga murojaat qilgani to‘g‘risida ma’lumot joylashtirmaydi. Axir, kim ham “psixiatr qabuliga borayapman” deb odamlarga jar solardi.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, xo‘sh unda bu haqda Feysbuk qanday xabar topdi? Har holda fol ochmagani aniq-ku.
Tahlilchilarning fikricha, ijtimoiy tarmoq geolokatsiya (internet foydalanuvchining geografik joylashuvini aniqlaydigan dastur) orqali o‘sha odamlarning tez-tez boradigan joylarini kuzatadi va ularga “do‘stlik rishtalarini bog‘lashni” taklif etadi. Boshqa bir taxmin, Feysbuk kompaniyasiga tegishli WhatsApp mobil ilovasi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, mazkur messenjerdan foydalanadigan shifokorlar telefonida odatda bemorlar raqami ham saqlangan bo‘ladi va shundan kelib chiqib ularning bir-biriga “do‘stlik” yuborish tavsiya etiladi.
Hammasi nimaga qarab ketayotganini tushunayapsizmi? Ijtimoiy tarmoqlar allaqachon biz haqimizda, hatto o‘zimizdan ko‘ra ko‘proq narsalarni bilayapti! Bu esa ularga bizning haqiqatimizni boshqarish imkonini bermoqda.
Biz yangiliklar tasmasini ko‘zdan kechirayotganda nima sodir bo‘ladi? Ritm. G‘ildirataveramiz, g‘ildirataveramiz, g‘ildirataveramiz. “Layk” bosamiz. G‘ildirataveramiz, g‘ildirataveramiz, g‘ildirataveramiz. “Repost”, ya’ni bo‘lishamiz. Xullas, “ekran”da ko‘rayotganimiz hodisalarga (matn, video, foto, audio va h.k.) javob tariqasida o‘z reaksiyamizni bildirib turamiz. Shu tariqa o‘ziga xos o‘zaro aloqa shakllanadi. Biz qandaydir yoqimli hislarni tuyishni xohlaymiz. Takror va takror lazzat olishni istaymiz. Xuddi o‘yin avtomatlariga o‘xshaydi bu ham.
Qator ijtimoiy tarmoqlar aniq foydalanuvchi uchun, ya’ni boshqalarga nisbatan aynan o‘sha odamga qiziqroq bo‘lgan narsalarni ko‘rsatadigan “aqlli yangiliklar tasmasi”ni (u bosgan va bo‘lishgan “layk”, “repost” tugmalari, izohlari hamda tarmoqqa sarf etayotgan o‘rtacha vaqtidan kelib chiqib) joriy qilganiga ham ko‘p bo‘lmadi.
Keling, ijtimoiy tarmoqda Akakiy nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan oddiy foydalanuvchi misolida masalaga yanada chuqurroq yondashamiz. Akakiy odatda yangiliklar tasmasini “varaqlash” uchun 5 daqiqa ajratadi. Tarmoq Akakiy Tatyanani yoqtirishini biladi. Sizningcha, ijtimoiy tarmoq qahramonimizni o‘zida ko‘proq ushlab turish uchun nima qiladi? Topdingiz, oxirgi beshinchi daqiqa tugayotganda unga Tatyananing suratini ko‘rsatadi.
Tabiiyki, Akakiy suyuklisi uchun bitta “layk” tortiq etmasdan yoki Tatyananing benazir go‘zalligi sharafiga o‘zining otashin “izohlarini” (bu o‘rinda “izhorlarni” deb ham o‘qish mumkin ) qoldirmasdan chiqib ketmaydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, endi Akakiyning tarmoqda “ushlanib qolishi” yana 10 daqiqaga uzayadi...
“Yetarli, endi chiqish vaqti keldi...” deb o‘ylaydi Akakiy va odatga ko‘ra yana bir-ikki “post”ga ko‘z yugurtiradi. O‘z navbatida, “aqlli” tarmoq Akakiyning eng qalin oshnasi Ivan ekanini ham biladi. Shuning uchun yangiliklar tasmasiga g‘oyatda “nazokatlik” bilan Ivanning mulohazalari tiqishtiriladi. “O, og‘ayni, qancha qish, qancha yoz o‘tib ketdi!” o‘ylaydi Akakiy va jondek do‘sti bilan bir-ikki og‘iz so‘z almashishga qaror qiladi. Ayni paytda, uning tarmoqda “o‘tirish” muddati 15 daqiqaga yaqinlashib qoladi.
Nihoyat, Akakiy bor irodasini ishga solib tarmoqdan chiqishga qat’iy qaror qilganda sahifalar oynasida qahramonimizni mutlaqo qoniqtirmaydigan mavzuda, uning qitiq-patiga tegadigan post paydo bo‘ladi. U nima qiladi? Hammasini unutib, butun vujudi bilan “haqiqatni” tiklashga kirishib ketadi. Ya’ni, o‘zining salbiy mushohadalarini yozishni boshlaydi. Xullas, bir soat o‘tdi. Akakiy haliyam onlayn.
Azizlar, yuqorida keltirilgan misolda shunchaki ijtimoiy tarmoqlarning kishilar his-tuyg‘ularini boshqarish orqali o‘z maqsadlariga erishish usullari borasidagi gipotetik farazimizni bayon etdik. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlar haqiqatan ham “Akakiy metodi”ni amalda qo‘llayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q, ammo buning imkoniyati va ehtimoli yuqori.
Dilshod Nurulloh, jurnalist.