Ijtimoiy tarmoqlar xatarli(mi?)

Jamiyat hayoti, ayniqsa, kishilar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, ma’lumot olishda internet tarmog‘ining ahamiyati kundan kunga ortib boryapti. Xo‘sh, undan kim, qanday foydalanyapti? Internet tarmog‘idan foydalanish odobiga rioya qilinyaptimi?

Aslida, ijtimoiy tarmoqlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy ilm olish imkoniyatlarini osonlashtirish, odamlar uzog‘ini yaqin qilish, o‘zaro munosabatlarda qulaylik yaratish edi. Biroq keyingi paytlarda ayrim buzg‘unchi oqimlarning internetdan o‘z g‘arazi yo‘lida keng foydalanayotgani, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani, ayrim saytlarda behayolik, o‘z joniga qasd qilish kabi ayanchli illatlar targ‘ib etilayotgani, ba’zida turli fitnalar, jamiyatni beqarorlashtiruvchi yolg‘on ma’lumotlar berilayotgani juda achinarli, xatarli hol.

Masalan, hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma’lumotlarni tarqatish, bo‘hton va uydirmalarning urchishiga sabab bo‘lish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayrim sodda kishilar ana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib qolmoqda.

Alloh Qur’oni karimda shunday deydi: “Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” («Hujurot» surasi 6-oyat).

Keyingi yillarda internet siyosiy kurashlar maydoni, turli manfaatlarning kuchli quroliga aylanib bormoqda. Har qanday to‘siq, cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda chinakamiga jilovlab bo‘lmas kuchga aylandi.

Terrorchi to‘dalar, adashgan firqalar va boshqa buzg‘unchi kuchlar ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan keng foydalangan holda odamlarni, ayniqsa, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish, ulardan o‘zlarining manfur maqsadlari yo‘lida foydalanish, jamiyatda nifoq chiqarish, achinarlisi, urush olovini yoqishga urinmoqda va bunga ma’lum ma’noda erishmoqda ham. Bunga yaqin tariximizda “Arab bahori” deb nom olgan arab davlatlaridagi inqilob va ziddiyatlar yaqqol misol bo‘ladi.

Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” («Baqara» surasi 217-oyat).

Shuningdek, turli oqimlar o‘zlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko‘lamda foydalanmoqda. Bu ham yoshlar, umuman, dindan, diniy ma’rifatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilarning sof aqidadan og‘ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto‘g‘ri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim. Chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o‘zining jonini, dinini ishonadigan kishigagina topshirishi lozim”, deganlar.

Terrorchilar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish bilan ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirayotgani achinarli hol, albatta. Vaholanki, fatvo berish ulkan mas’uliyat ekani va u bilan faqatgina yetuk ilm va malakaga ega bo‘lgan ulamolargina shug‘ullanishi lozimligi salafi solihlar davridan uqtirib kelingan. Shuni inobatga olib, yurtimizda shar’iy savollarga fatvo berish faqatgina O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishini aslo unutmasligimiz kerak.

Albatta, ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa yaxshi, yomonlikka ishlatsa yomon natija beradi. Bu yerda eng muhimi, inson omilidir. Hammamiz ham yangiliklardan xabardor bo‘lish, dunyoqarashimizni o‘stirish maqsadida internet tarmoqlariga murojaat qilamiz. Ulardan oqilona foydalansak, yoshlarning aqlan va ruhan to‘g‘ri tarbiya topishida, turli yot qarashlar ta’siriga tushib qolmasliklariga erishgan bo‘lamiz.

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.