Ikki mashhur firibgar
Firibgarlar doimo bo‘lgan. Hatto eng qadimgi Misr papiruslari ham ular haqida gapiradi. Tovlamachilar bizning davrimizda ham ko‘p. Insoniyat uchun biror bir yaxshi ish qilmasdan, o‘zlarining maxsus iste’dodi tufayli tarixda iz qoldirganlari ham yo‘q emas. Ajablanarlisi, yirik qalloblik harakatlar sodir qilishi uchun ularga har doim o‘ta ishonuvchan odamlar yo‘liqqan.
Jahon qadriyatlari sotuvchisi
Yigirmanchi asrning eng mashhur firibgarlaridan biri shotlandiyalik Artur Fergyuson edi. Yoshligida u teatr aktyori bo‘lishga harakat qildi. Garchi aktyorlik mahoratiga ega bo‘lsa-da, London teatrlarining hech biri uni qabul qilmadi. U esa buni amalda isbotlashga qaror qildi. Qarzga botgan Fergyuson Trafalgar maydoni bo‘ylab ma’yus kezib yurgandi. Kutilmaganda u Nelson ustuniga hayrat bilan qarab, baland ovozda gapirayotgan, Ayovadagi ranchosida xuddi shunday ustun bo‘lishini orzu qilgan badavlat amerikalik sayyoh er-xotinga duch keldi.
Ular gapini eshitgan Fergyuson dadillik bilan juftlikka yaqinlashdi va o‘zini davlat mulkini sotish bo‘yicha hukumat agenti sifatida tanishtirdi. "Buyuk Britaniyaning katta davlat qarzi bor va hukumatimiz hech bo‘lmaganda qarzning bir qismini to‘lash uchun ushbu ustunni sotishga qaror qildi", dedi u amerikaliklarga. Artur ustunni o‘sha yillar uchun juda ko‘p - olti ming funtga baholadi, er-xotin esa darhol uni sotib olish istagini bildirdi. Xaridga qo‘shib bronzadan quyilgan to‘rtta sher va mashhur admiral haykali ham sovg‘a qilinishi aytildi.
Muvaffaqiyatli bitimdan xursand, bozori chopgan firibgar keyingi ikki oy ichida boshqa bir amerikalik sayyohlarga Big Ben va Bukingem saroyini ikki marta sotishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu mashhur tarixiy ob’yektlar juda qimmat bo‘lganligi sababli, Fergyuson ular bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng “aktyor” shunga o‘xshash spektakllarni Amerikada “sahnalashtirish”ga qaror qildi. Okeanni kesib o‘tib, u amerikalik fermerga Oq uyni 100 ming dollarga ijaraga berishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin Ozodlik haykalini sotib yubordi.
Bunday muvaffaqiyatli moliyaviy operatsiyalardan so‘ng mazaxo‘r Fergyuson o‘zini to‘xtata olmadi va halokatli xatoga yo‘l qo‘ydi. U Ozodlik haykalini yana bir marta Avstraliyadan kelgan badavlat kampirga sotdi. Bitim davomida tadbirkor xonim u bilan esdalik sifatida suratga tushishni xohlagandi, shubha tug‘dirmaslik uchun u rozi bo‘ldi. Ikki soatcha vaqt o‘tib ayol o‘ylanib qoldi va maslahat so‘rash uchun politsiyaga murojaat qildi.
Natijada Fergyuson panjara ortiga tushib qoldi. Amerika Femidasi unga hayratlanarli darajada insonparvarlik darajada munosabatda bo‘ldi, qamoqda besh yil o‘tirganidan so‘ng, Artur Los-Anjeles shahrida joylashib oldi. U yerda bir nechta shunga o‘xshash spektakllarni sahnalashtirishga muvaffaq bo‘ldi, chunki iste’dodi jo‘shib turib, amalga oshishini talab qilardi. Lekin allaqachon juda ko‘p pulga ega bo‘lgan Artur tez orada tinchlandi va 1939 yilda baxtli inson sifatida vafot etdi.
Butun Germaniyani kuldirgan Kyopeniklik “kapitan”
Bu firibgar Kyopeniklik "kapitan" sifatida butun Germaniya bo‘ylab mashhur bo‘ldi.
Etikdo‘z Vilgelm Voygt to‘rt marta o‘g‘irlik va ikki marta qalbaki hujjat yasashi uchun qamoqqa tushishga muvaffaq bo‘ldi. Oxiri, u ssuda kassasini o‘margani uchun 15 yil oldi.
Qamoqxonadan chiqqach, u shahar boshqarmasi binosini egallab olishga qaror qildi; buning uchun eski kiyimlar sotuvchisidan ishlatilgan kapitan formasini xarid qildi. Uni kiyib olib, ko‘chada ketayotgan bir otryad askarni to‘xtatdi va ularga Kyopenik tomon, shahar hokimiyatigacha ergashishni buyurdi. U yerda u mahalliy jandarmlarga shahar hokimiyati atrofida sukunat saqlab, tartib saqlashni buyurdi. O‘zi esa askarlarning bir qismi bilan shahar meriyasi burgomstri va bosh kassirni hibsga oldi, shahar kassasini rekvizitsiya (mol-mulkni majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olish) qildi.
Askarlarga shahar hokimiyatini yana bir muddat qo‘riqlashni buyurib, xotirjamgina stansiyaga bordi va Berlinga jo‘nab ketdi. Foygt 10 kundan keyin sobiq kameradoshining bergan xabari ortidan qahvaxonada nonushta qilayotib, hibsga olindi. Sud uni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi. Gazetalar bu firibgarlik haqida gapirganda, butun Germaniya qahqahlab kuldi. Germaniya imperatori Kayzer Vilgelm II bu haqda zudlik bilan telegraf orqali ma’lumot berishni talab qildi. Ish tafsilotlari bilan tanishib chiqib, kulib, u shunday dedi: “Mana buni intizom desa bo‘ladi. Dunyoning hech bir xalqi biz bilan tenglasha olmaydi!” Kayzer shaxsiy hujjatlar to‘plamida Kyopeniklik "kapitan"ni "qoyilmaqom odam" deb tavsiflab, uni afv etdi va ozod qilishni buyurdi.
Endi Voygt mashhurlik orqasidan boyiy boshladi. Butun Germaniya bo‘ylab sayohat qilib, u qovoqxonalar va sirk arenalarida chiqish qildi, o‘zining avtografli fotosuratlarini sotdi, keyin esa "Qanday qilib Kyopeniklik "kapitan" bo‘lib qoldim" xotiralar kitobini nashr etdi. Qashshoqlik bilan xayrlashib, Lyuksemburgga ko‘chib o‘tdi, u yerdan uy sotib oldi, uylandi va o‘sha yillardagi kam sonli avtomobil egalarining biriga aylandi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.