Ilhom TO‘XTASINOV, SamDChTI rektori: Puxta tayyorgarlik va kuchli bilim bilangina talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lasiz
- Muhtaram, Abituriyent! Imtihon kuni belgilangan manzilga karantin qoidalariga rioya qilib, xavfsizligingizni ta’minlab, yaxshi kayfiyatda va o‘z vaqtida yetib kelishingizni so‘raymiz. Ota-onalaringiz va yaqinlaringizdan imtihon kunlari uyda qolib, imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishlarini so‘raymiz.
Kirish imtihonlarining o‘tish muddati, jadvali va natijalari hamda o‘zingizni qiziqtirgan barcha savollarga javoblarni www.samdchti.uz rasmiy veb-saytimiz, @samdchtijamoasi telegram kanalimizdan olishingiz, shuningdek, qabul2020@samdchti.uz elektron manzili yoki +998662382934; +998662382935; +998662382954 telefon raqamlariga murojaat etishingiz mumkin.
Unutmang, faqat puxta tayyorgarlik va kuchli bilim bilangina talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lasiz. Shunday ekan, bir daqiqa ham bilim olish va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang. Har qanday holatda ham “o‘qishga kiritib qo‘yaman”, deydigan firibgarlarga aldanib qolmang.
Omad yor bo‘lsin!
Madina QURBONOVA, abituriyent:
- Avvalo, institut ma’muriyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Imtihon oldi hayajonimizni yengishda yaxshi motivatsiya bo‘ldi. Aytishim mumkinki, uch yillik abituriyentligim davomida hali hech bir institut rektorining shaxsan murojaatiga duch kelmaganman. Albatta, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, o‘z vaqtida imtihon o‘tkaziladigan joyga yetib boraman.
Obidjon SAYFULLAYEV, abituriyent:
- Bugungi kunda institutning yutuqlari ko‘payib bormoqda, jumladan, qabul kvotalari va grantlar soni sezilarli darajada oshdi. Nasib bo‘lsa, bu dargohning talabasi bo‘lsam, albatta, o‘z o‘qishim bilan institut rivojiga hissa qo‘shaman.