Ilk bor o‘tkazilgan jigar transplantatsiyasidan so‘ng bemor va donorning vafot etgani yuzasidan rasmiy munosabat berildi
Avvalroq OAVda Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tgan jigar transplantatsiyasi amaliyoti haqida ma’lumot berilgan edi. Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda bemor ham, donor ham shifoxonada vafot etganiga doir xabarlar tarqaldi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi:
“Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Joriy yil 9 avgust kuni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi transplantologlari tomonidan hududda ilk bor o‘ta murakkab va noyob operatsiya hisoblangan jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarilgan edi.
Bu jarayonda jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan og‘ir ahvoldagi 57 yoshli bemorga 35 yoshli qizi donorlik qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi 4 yilda bemorning ahvoli og‘irlashib, bir necha marotaba viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jigar sirrozi kasalligidan davolangan. Ammo salomatligi borgan sari yomonlashishi tufayli u joriy yil 27 iyul kuni jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan. Bemorda standart asosida bajarilgan tekshiruvlardan keyin operatsiyaoldi konservativ terapiyasi o‘tkazilgan.
Jigar transplantatsiyasidan avval bemor, donor va uning qarindoshlari bilan birgalikda qonunchilikda belgilangan va qonunosti hujjatlarida ko‘rsatilgan standartlar asosida ish yuritilgan.
13 soatu 20 daqiqa davom etgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemor reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilib, intensiv davo muolajalari davom ettirilgan. Biroq dastlabki tahlillarga qaraganda, stabil og‘ir ahvoldagi ushbu fuqaro 12 avgustda o‘tkir yurak-qon tomirlari yetishmovchiligi tufayli vafot etgan.
Bemorga donorlik qilgan 35 yoshli qizi standart asosida tekshirilib, transplantatsiya qilingan. Operatsiyadan so‘ng unda intensiv davo muolajalri olib borilgan.
Ammo donorda buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama zotiljam asorati kuzatilib, standart bo‘yicha intensiv davo choralari qo‘llanilgan.
Shunga qaramay, umumiy holati yaxshilanib borayotgan bemorning ahvoli 16 avgust kuni birdan yomonlashib, yurak urishi to‘xtagan. Reanimatsion tadbirlar o‘tkazilishiga qaramasdan, unda biologik o‘lim kuzatilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, donorda o‘pka tomirlarining tromboemboliyasi asorati kuzatilganligi gumon qilingan.
Hozir mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabatida.