"Imkon qadar tezroq": Qirg‘iziston parlamenti spikeri tumanlar nomini qirg‘iz tiliga o‘zgartirishga chaqirmoqda
Mamlakat parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiyev Bishkekning barcha tumanlarini “imkon qadar tezroq qirg‘iz tiliga o‘zgartirish” chaqirig‘i bilan chiqdi va “Qirg‘izistondagi ayrim aholi punktlari nomlari hamon boshqa tillarda qolayotgani"ni ta’kidladi.
Bugungi kunda Bishkek ma’muriy jihatdan to‘rtta tumanga bo‘lingan - Leninskiy, Pervomayskiy, Oktyabrskiy va Sverdlovskiy tumanlari.
Qirg‘iziston parlamenti rahbari Qirg‘izistonda davlat tilini rivojlantirish rejalari haligacha amalga oshirilmaganidan hafsalasi pir bo‘ldi.
“33 yil avval “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi, biroq o‘tgan yillar davomida biz aniq natijalarga erishmadik, hammasi so‘zda qolmoqda”, dedi Shakiyev Xalq qurultoyida so‘zlagan nutqida.
Avvalroq mamlakat parlamenti Sverdlovsk tumaniga - Chingiz Aytmatov yoki Manas, Pervomayskiyga - Turdaqun Usubaliyev yoki Jusup Abdurahmonov, Oktyabrskiyga - Baytik Baatir yoki Suymenqul Cho‘kmorov, Leninskiyga - Isxoq Razzoqov yoki Absamat Masaliyev sharafiga nom berish taklif qilingan edi.
2023 yil 1 yanvardan Qirg‘izistondagi bir qancha aholi punktlari yangi nomlarga ega bo‘ladi. Yaqinda prezident Sadir Japarov “Botkent viloyatining ayrim qishloq okruglari va qishloqlarining nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi.
Respublikada qirg‘iz tili davlat tili, rus tili Konstitutsiyaga ko‘ra - rasmiy til maqomiga ega. So‘rovlarga ko‘ra, Qirg‘iziston aholisi kundalik hayotda asosan davlat tilidan foydalanadi. Bishkek, poytaxtga tutash Chuy viloyati, shuningdek, Issiqko‘l viloyatining kurort hududlari bundan mustasno.