Imom Buxoriy majmuasida ilk mehmonxona qurilishi boshlandi
Yurtimizning ko‘hna me’moriy va tarixiy obidalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli xorijiy sayyohlar safi tobora kengaymoqda. Imom Buxoriy majmuasining qayta ta’mirlanishi, kengaytirilishi, obod qilinishi yurtimizning turizm salohiyatini tobora yuksaltiradi, deb yozmoqda sammuslim.uz.
Imom Buxoriy majmuasi atrofida ziyoratchilar uchun zamonaviy, barcha talabga javob bera oladigan infratuzilma yaratish maqsadida bosh reja ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, majmua yaqinida qariyb bir kilometrlik xiyobon yaratiladi, xiyobon bo‘ylab 26 ta mehmonxona bunyod etiladi. Ana shu ishlarning dastlabkisiga bugun birinchi tamal toshi qo‘yildi. Imom Buxoriy majmuasi yonida dunyoga mashhur Indoneziya mamlakatining “SAHID HOTELS & RESORTS” kompaniyasi mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda besh yulduzli mehmoxona qurishni boshladilar.
Binoning poydevorini qo‘yish marosimida Samarqand viloyat hokimligi, xorijlik investorlar, mahalliy tadbirkorlar va Samarqand viloyat bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov ishtirok etdi.