“Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalarini mahalliy va xalqaro jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish hamda alloma ilmiy merosini tadqiq etish borasida o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida ana shu mavzudagi xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutasaddi xodimlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi olimlari, Hadis ilmi oliy maktabi pedagog va talabalari, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Konferensiya ishini ZOOM videokonferensiya platformasi orqali ekspertlar, mutaxassis, mustaqil tadqiqotchi va tinglovchilar jami 40 dan ziyod nuqtadan turib kuzatib bordi. Anjuman davomida mamlakatimiz va Misr hamda Turkiya davlatlarining 10 ga yaqin olimlarning ma’ruzalari asosida ilmiy mulohazalar yuritildi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda ma’naviy qadriyatlarning hayotiy o‘rnini tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va samarasini yuqori baholab, bu jarayonda ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy merosini chuqur tadqiq qilishga qaratilayotgan e’tiborni e’tirof etdi.

Konferensiya davomida Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi borasida o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning tarixiy va zamonaviy ko‘rinishlari umumlashtirilib, bu borada istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.