Imtihonlarni a’lo baholarga topshirishning 10 ta siri
Inson ulg‘ayar ekan orzusi ortidan ergashadi. Oliy ma’lumotli bo‘lishni, biron bir kasbni egallab, hayotida o‘z o‘rnini topishni xohlaydi. Orzulariga erishish yo‘lida sinovlardan o‘tadi, oliy o‘quv yurtiga kirish, kursdan kursga o‘tish va oliy ta’limni bitirish imtihonlarini topshiradi. Quyida siz bilan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishning tajribalarda sinalgan o‘nta sharti bilan bo‘lishmoqchimiz:
1.Eslab qolishga harakat qiling. Har bir sahifani o‘qib chiqqandan keyin asosiy g‘oyalarni ko‘rib chiqing va esda tuting. Hech qachon xotirangizda mustahkamlamasdan turib, katta hajmdagi matnlarning tagiga chizish bilan ajratmang. Doimiy ravishda takrorlashga harakat qiling. Eslash, takrorlash qobiliyati, ya’ni ong osti g‘oyalarini faollashtirish samarali o‘qishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir.
2.O‘zingizni tekshiring. Doimiy ravishda. Hamma jarayonlarda.
3.Masalalarni yechishda ma’lumotlarni qismlarga ajrating. Ma’lumotlarni qismlarga ajratish muammoning mohiyatini tushunish demakdir. Biz odatda, masalada nima berilgan, nima so‘ralyapti, biz nimalarni bilamiz, jarayonni qanday shakllantirish mumkin, degan savollarga javob qidiramiz. Muammoni hal qilsangiz, jarayonni takrorlang va har bir bosqichni to‘g‘ri bajarganligingizga ishonch hosil qiling.
4.Mavzularni takrorlashda tartibga rioya qiling. Har kuni sportchilar kabi oldingi kunga nisbatan ko‘proq mashq qiling.
5.Masalalarni yechishda turli usullarni qo‘llang. Hech qachon uzoq vaqt davomida masalalarni yechishda ayni bir usuldan foydalanmang, aks holda mexanik tarzda boshqa usulda bajarish kerak bo‘lgan masalalarga ham qo‘llashni boshlaysiz. Bir masalani bir necha usulda yeching, shunda uni chuqurroq anglaysiz (tasavvur qilasiz) va o‘zingizga ma’qul usulni tanlaysiz.
6.Miyaga dam bering. Bir kunda hamma masalalarni yechishning yoki tushunchalarni o‘zlashtirishning iloji yo‘q. Bir martalik uzoq mashg‘ulotdan ko‘ra, kundalik qisqa mashg‘ulotlar samarali. Asabiylashib boshladingizmi, jarayonni to‘xtatib, o‘zingizni chalg‘iting. Shunda masalaga boshqa tomondan qarashga imkon bo‘ladi.
7.Mavzu yoki masalaning yechimini xayoliy suhbatdoshingizga oddiy o‘xshatishlar asosida tushuntirishga harakat qiling. Topshiriqni yecha olmayotgan paytingizda o‘zingizga savol bering: “Buni qanday qilib o‘n-o‘n besh yoshli bolaga tushuntirgan bo‘lar edim?”. Bunda sizga o‘xshatishlar va jarayonni tasavvur qilib shakllantirish qo‘l keladi. Javobni shunchaki xayolan bermang, ovozingizni chiqarib yoki yozma bayon qiling. Bu bilimlaringizni chuqurlashtirishga imkon beradi.
8.Diqqatingizni jamlang. Xayolingizni chalg‘itadigan telefon, televizor, kompyuterni o‘chirib qo‘ying. Soat taymerini 1-2 soatga qo‘yib, diqqatingizni mavzuni o‘zlashtirish yoki topshiqni bajarishga qarating. Vaqtingiz tugagandan so‘ng yutuqlaringiz uchun o‘zingizni rag‘batlantiring. (Men donoman. Men hammasini uddalayman). Qarsak chalsangiz ham bo‘ladi. Kayfiyatingiz ko‘tariladi. Asosiysi, diqqatingiz bo‘linishiga yo‘l qo‘ymang.
9.Murakkab topshiriqlarni kunning birinchi yarmida bajaring. Fikringiz tiniq bo‘ladi.
10.Orzuga intiling. Shunchaki o‘qimang, yaxshi o‘qing. Eng yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qiling. Kelajagingizni ifodalaydigan rasm yoki yozuvni ish stolingiz ustiga iling. Ishoning Siz, albatta, hammasini uddalaysiz.
Aziza Qudratova,
SamDU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi o‘qituvchisi.