Inauguratsiya kuni Vashingtonni 25 ming askar qo‘riqlaydi
AQShda Jo Baydenning ertaga, 20 yanvar kuni bo‘ladigan prezidentlik qasamyodi marosimi oldidan poytaxtni 25 ming milliy gvardiya askarlari qo‘riqlamoqda, deb yozmoqda amerikaovozi.com sayti.
Tabiiy ofatlar, namoyishlar va harbiy amaliyotlar kabi turli favqulodda holatlar yuz berganda, milliy gvardiya askarlari safarbar etiladi.
Gvardiya zaxirasida doktorlar, muhandislar, oddiy ofis ishchilari va hatto talabalar bor. Agar favqulodda holat yuz bersa, ular o‘sha kuniyoq xizmatga chaqiriladi.
6 yanvar kuni Prezident Donald Tramp tarafdorlari Kongress binosiga bostirib kirgach, poytaxtga milliy gvardiya askarlari kiritildi. Pentagonga ko‘ra, inauguratsiya kuni 20 mingga yaqin askar Kapitoliy va uning atrofini qo‘riqlaydi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, AQSh milliy gvardiyasining 54 ta bo‘linmasi bor. Ular har bir shtatda, poytaxt Vashington, Puyerto-Riko, Guam va Virginiya orollarida joylashgan.