Indoneziya OTMlari bilan samarqandlik o‘qituvchilar malakasini oshirishda hamkorlik qilinadi

Indoneziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sunario Kartadinataning Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markaziga tashrif buyurishi natijasida mana shunday kelishuvga erishildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimizda ta’lim sifati va samaradorligini mustahkamlashda eng muhim vazifalardan biri bo‘lgan kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida xorijning ilg‘or institutlari bilan qator kelishuvlarga erishilmoqda. Indoneziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisining tashrifi ham ushbu yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Markazda Sunario Kartadinata hamda o‘qituvchilar o‘rtasida jonli muloqot tashkil etildi. Ta’lim-tarbiya jarayonlaridagi muammolar, kadrlar salohiyatini oshirishdagi vazifalar, bu boradagi taklif va mulohazalar ilgari surildi. Elchi janoblari Indoneziyadagi ta’lim turlari, o‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish bosqichlari hamda pedagoglarning kasbiy kompetentligini oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha tinglovchilarga ma’lumot berdi. Ushbu tajribalarning afzalliklari haqida to‘xtalib o‘tdi. Hududiy markaz tinglovchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

O‘zaro muloqotlar jarayonida tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda samarqandlik pedagoglar malakasini oshirish va kadrlar salohiyatini yaxshilash bo‘yicha Indoneziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilinadigan bo‘ldi.

Uchrashuv doirasida ikki millat madaniyatini nomoyon etuvchi raqs va kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Samarqand viloyati XTXQTUMO hududiy markazi matbuot xizmati.