Indoneziya Prezidenti janob Suxarto tashrifi

*Samarqand: 1991-2021

(“Zarafshon” gazetasi, 1995 yil, 11 aprel, 32-son)

Azim va navqiron Samarqand shahriga Indoneziya Respublikasi Prezidenti Suxarto janoblari rafiqasi bilan tashrif buyurdi.

Oliy darajali mehmonlarni aeroportda viloyat hokimi P.Abdurahmonov rafiqasi bilan, hokim o‘rinbosari A.Xudoyqulov, Samarqand shahar hokimi A.Nosirov va boshqa rasmiy kishilar kutib oldilar.

Janob Suxarto boshliq indoneziyalik delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri  A.Mutalov, Tashqi ishlar vaziri A.Komilov hamrohlik qildi.

Indoneziya Prezidenti va delegatsiya a’zolari dastlab Xo‘ja Ismoil Buxoriy masjidini ziyorat qilishdi. Tabarruk maskanda qur’on tilovat qilinib, namoz o‘qildi.

Janob Suxartoning dastlab Imom Buxoriy masjidini ziyorat qilishi bejiz emas. Zero, Indoneziya xalqining 90 foizi musulmon bo‘lib, tabarruk zot Xo‘ja Ismoil Buxoriy nomi ularda chuqur hurmat bilan tilga olinadi. Janob Suxarto o‘zi qadam ranjida qilgan ushbu masjidga 300 dona Qur’on kitobini taqdim qildi.

Oliy martabali mehmonni viloyat hokimi P.Abdurahmonov qabul qildi.

Tushki ziyofat va hordiqdan so‘ng delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi tarixiy obidalarni tomosha qildilar. Amir Temur maqbarasi, Registon madrasasi, Shohi Zinda ansambli va Ulug‘bek rasadxonasi mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Delegatsiya a’zolari shu kuni Toshkentga jo‘nab ketdilar.