Inshootlar ta’mirtalab, sport zal yo‘q, jihozlar yetishmaydi

Joriy yilning o‘tgan davrida Nurobod tumani yoshlari xalqaro musobaqalarda 7 ta, Osiyo va respublika chempionatlarida 47 ta medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, tumanda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida 16 kilometr salomatlik, 12 kilometr veloyo‘lak, 22 ta stritbol, 22 ta “Workout” maydonchasi foydalanishga topshirilib, qurilish ishlariga qariyb 4 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Ammo sohada yechimini kutayotgan bir qancha muammolar borki, unga mutasaddilar e’tibori kerak.

- Tumanimizda 242 ta sport inshooti mavjud, - deydi tuman sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Furqat Qurbonov. – Shundan bittasi bolalar-o‘smirlar sport maktabi bo‘lib, unda 63 nafar trener-o‘qituvchi 2076 nafar yigit-qizga 16 sport turidan mashg‘ulot o‘tmoqda. Ushbu sport majmuasiga qarashli Jom va Jarquduq qishloqlarida ikkita sport bazasi bor. Besh yil oldin joriy ta’mirlangan bu ikki inshoot hozir yana ta’mirga muhtoj. Binolar tomidan qor-yomg‘irli kunlarda suv o‘tyapti, zal ta’mirtalab holga kelib qolgan, maydonlar ham talabga javob bermaydi. Rekonstruksiya qilishga esa imkonimiz yo‘q.

Bundan tashqari, tumandagi 76 ta maktabdan 32 tasida sport zal bo‘lsa, 44 tasida yo‘q. Shuning uchun o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan sport turi bilan shug‘ullana olmayapti. Buning ustiga, sport jihozlari yetishmaydi. Axir, amaliy dars mashg‘ulotlarida kurash gilami, stol tennisi, futbol va basketbol to‘plari, basketbol shiti va gandbol darvozasi kerak bo‘ladi.

Tuman sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Furqat Qurbonovning ma’lum qilishicha, muammolar yechimi bo‘yicha tuman hokimligi va viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasiga murojaat qilingan. Ammo hech qanday natija bo‘lmagan. Hatto sport inshootlarining holatini o‘rganish maqsadida respublikadan kelgan ishchi-guruh holat bilan tanishgan bo‘lsa-da, “dasturga kiritamiz, muammoni hal qilamiz”, deyishdan nariga o‘tmagan.

Nurobodda sportni ommalashtirish, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlarga qo‘l urilgan. Ammo sport inshootlari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi va soha xodimlarini qiynab kelayotgan muammolarga barham berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.