Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi

Samarqand shahrida 5-6 dekabr kunlari “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus asosida tashkil etilgan tadbirda xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar vakillari, mahalliy va chet ellik ekspertlar, deputatlar, huquqshunoslar, nodavlat tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Global forumning ikkinchi kungi yalpi majlisida dunyoda inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi yosh pedagoglarning ilg‘or tajribasini ommalashtirishga qaratilgan hujjatli loyiha muhokama qilindi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va o‘qitish bo‘limi muvofiqlashtiruvchisi Yelena Ippoliti hamda mazkur bo‘lim xodimi Paulina Tandiono ayni mavzuda o‘z ma’ruzalarini taqdim etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda takomillashtirish zarur. Shu nuqtai nazardan, Global forumning uchinchi yalpi majlisi bu boradagi ilg‘or tajribalar to‘g‘risida axborotlar almashish va shu asosda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

YuNESKO Bosh direktorining Ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini hamda Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Duarte Pachekoning videomurojaatlari tinglandi.

Ishtirokchilarning taklif-tavsiyalari asosida “Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi (2023–2025)” qabul qilindi.

Global forumning yopilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari ta’limi bo‘yicha mintaqaviy vakili vazifasini bajaruvchi Fabio Piana dasturda ko‘zda tutilgan barcha tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tgani, mavzular yuzasidan muhim taklif va tashabbuslar bildirilganini ta’kidladi.

– Yalpi majlis va sessiyalarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish natijalari muhokama qilindi, – dedi A.Saidov. – Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda yondashuvlarni qo‘llash masalasi tahlil qilindi. Shuningdek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha qo‘lga kiritilgan eng samarali tajriba va amaliyotni o‘rganish, targ‘ib qilish va joriy etish holati hamda imkoniyatlariga baho berildi. Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Eng muhimi, Global forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, o‘quv va ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan vazifa, taklif va tavsiyalar o‘z ifodasini topdi.

Global forum yakunida forum ishtirokchilarining tajribasi ushbu vazifalarni amalga oshirishga yaqindan yordam berishiga ishonch bildirildi. Chunki bunda “ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan tamoyilga amal qilib, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani oilada, maktabgacha ta’limda, maktab yoshida, oliy ta’limda, sud va huquqni muhofaza qilish organlari kabi professional institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari orqali uzluksiz davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

Samarqand forumi davomida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2020 yilda ta’sis etilgan mazkur nishon har yili 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida topshiriladi. Joriy yilda ushbu mukofotga 6 nafar hamyurtimiz, 2 nafar chet el fuqarosi va 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti sazovor bo‘ldi.

Ko‘krak nishonini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z egalariga tantanali topshirdi.

Forum tadbirlari doirasida Samarqand davlat universitetida “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mahorat darslari” o‘tkazildi.

Offlayn va onlayn usullarda olib borilgan mahorat darslari jahonning nufuzli universitetlaridan taklif etilgan ko‘zga ko‘ringan professor-o‘qituvchilar ishtirokidagi qiziqarli ma’ruza va bahs-munozaralar, o‘z navbatida, jonli muloqot va amaliy savol-javoblar uchun qulay maydon yaratdi.
Mashg‘ulotlarda mamlakatimizning barcha hududlarida yuridik yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi 20 dan ortiq oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalaridan 6500 dan ortiq professor-o‘qituvchi, prokuratura xodimlari, bakalavriat va magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yosh olimlar ishtirok etdi. Shuningdek, Adliya vazirligi tizimidagi 14 ta yuridik kollej o‘quvchilari ma’rifiy-huquqiy tadbirda faol qatnashdi.

G‘.Hasanov,

A.Isroilov (surat).