“Inson qadri” onlayn platformasida aholi o‘z fikr, taklif yoki e’tirozlarini bildirishi mumkin

Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda viloyat hokimligi tomonidan “Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda portalning ishlash mexanizmi, ushbu loyihadan maqsad va natijalar xususida ma’lumot berildi. Shuningdek, taqdimotda bugungi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon - “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi haqida ma’lumotlar berildi.

– Endi fuqarolar onlayn platforma orqali aholi davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bilan batafsil tanishishi, tegishli yo‘nalishda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar yuzasidan fikr, taklif yoki e’tirozlarini bildirishi mumkin, - dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturi ijrosini keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkonini yaratish maqsadida onlayn portaldagi ma’lumotlar muntazam yangilab boriladi. Bu jarayonning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Shuningdek, taqdimotda E.Tulyakov Konstitutsiyaga kiritilayotgan har bir o‘zgartish va qo‘shimchani batafsil sharhlab, yig‘ilganlarga 66 ta moddaga 200 dan ortiq o‘zgartish va 6 ta yangi modda hamda unga kiritilayotgan 16 ta yangi norma bo‘yicha tushunchalar berdi. Tadbirda ishtirok etayotgan deputatlar tomonidan ham bu bo‘yicha takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.

- Xususan, hozirda hokimlar bir paytda ham ijro hokimiyati, ham xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi rahbari lavozimida faoliyat yuritadi, - deydi xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati Bahodir Rahmonov. – Bugun ushbu amaliyotdan voz kechilyapti. Bu yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida alohida belgilab qo‘yilishi nazarda tutilgan.

Tadbirda deputatlar, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari ishtirok etib, Konstitutsiya loyihasi hamda “Inson qadri” onlayn platformasi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.